Google Pay O‘zbekistonda yaqin haftalarda ishga tushadi

Google Pay O‘zbekistonda yaqin haftalarda ishga tushadi. Bu haqda 19-oktabr kuni Samarqandda o‘tkazilayotgan C5+1 formatidagi tadbirlar doirasidagi panel sessiyasida ma’lum qilindi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda so‘zga chiqqan Google Cloud’ning Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marcin Krasuski xizmat O‘zbekistonda ish boshlaganini e’lon qildi.
«Menimcha, O‘zbekiston ilg‘or raqamli tartibga solish bo‘yicha yetakchilardan biri. Shu sababli bugun Google O‘zbekistonda GPay — Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman», – dedi u.
Google Pay’ni ishga tushirish uchun qonunchilik o‘zgartirilgan edi
2026-yil 26-mart kuni Prezident «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritgan edi.
O‘zgarishlar bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi. Bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar hamda telekommunikatsiya operatorlari abonentlari haqidagi ma’lumotlar uchun saqlab qolindi.
Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa belgilangan shartlarga rioya qilgan holda xorijda qayta ishlash imkoniyati yaratildi.
Texnik integratsiya bir necha oy davom etdi
Joriy yil iyul oyida O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay’ni ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilingan edi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, tijorat banklari, Humo va Uzcard bilan xizmatlarni integratsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilgan.
Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov o‘sha paytda Apple Pay va Google Pay yaqin oylar ichida ishga tushishi mumkinligini bildirgan edi.
Humo va Uzcard kartalarini ulash masalasi ham ko‘rib chiqilgan
Markaziy bank xalqaro Visa va Mastercard kartalaridan tashqari, mahalliy Humo va Uzcard kartalarini ham Apple Pay va Google Pay xizmatlariga ulash ustida ishlagan.
Avvalroq dastlab bir yoki bir nechta bank yoxud milliy to‘lov operatorlaridan biri orqali xizmatni ishga tushirish mumkinligi aytilgan edi.
Hozircha Google Pay’ni qo‘llab-quvvatlayotgan banklar va kartalarning to‘liq ro‘yxati rasman ochiqlanmagan.
Google Pay O‘zbekistonga nega kech kirgan edi
Google Pay va Apple Pay’ning O‘zbekiston bozoriga kirishidagi asosiy to‘siqlardan biri shaxsiy ma’lumotlarni mamlakat ichidagi serverlarda saqlash bo‘yicha talablar bo‘lgan.
2024-yilda hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, PayPal va UniPay kabi xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston tizimlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgan edi.
2025-yilda esa ayrim mahalliy texnologik kompaniyalar vakillari amaldagi ma’lumotlarni lokal saqlash talablari xalqaro bulutli va to‘lov xizmatlarining mamlakatga kirishini qiyinlashtirayotganini ta’kidlagan edi.
Google Pay’ning ishga tushirilishi O‘zbekistonda xalqaro raqamli to‘lov xizmatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda bank kartalari soni 11 foizga oshgani haqida yozgan edi.