O‘zbekistondan xorijga yuk tashishga talab 29 foizga oshdi

2026-yilning uchinchi choragida O‘zbekistondan xorijga yuk tashish bo‘yicha buyurtmalar soni 29 foizga ko‘paygan. Bu haqda ATI.SU logistika platformasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Farid Vohidov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Rossiya va Belarus yo‘nalishlarida o‘sish yuqori bo‘ldi
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida eksport yuk tashish bo‘yicha talab 11 foizga oshgan. Eng katta o‘sish Rossiya va Belarus yo‘nalishlarida qayd etilgan.
Rossiyaga yuk yetkazib berish bo‘yicha talab 26 foizga, Belarusga esa 80 foizga oshgan. Eksport tashuvlari narxlari uchinchi chorakda yillik hisobda 10 foizga ko‘tarilgan.
Import yuk tashuvlari uchinchi chorakda 8 foizga kamaydi
O‘zbekistonga xorijdan yuk tashish bo‘yicha talab 2026-yilning to‘qqiz oyida 16 foizga oshgan bo‘lsa-da, uchinchi chorakning o‘zida 8 foizlik pasayish qayd etilgan.
Iyul va avgust oylarida talab kamaygan, sentabrda esa 39 foizga oshgan. Rossiyadan yuk tashishga talab sentabrda 47 foizga ko‘paygan, biroq bu o‘sish oldingi ikki oydagi pasayishni to‘liq qoplay olmagan. Natijada uchinchi chorakda Rossiyadan O‘zbekistonga yuk tashish bo‘yicha buyurtmalar 4 foizga kamaygan. Import tashuvlari narxlari esa yillik hisobda deyarli o‘zgarmagan va 2 foizga oshgan.
O‘zbekiston ichida yuk tashishga talab 12 foizga oshdi
O‘zbekiston ichida yuk tashishga berilgan buyurtmalar soni uchinchi chorakda ikkinchi chorakka nisbatan 12 foizga ko‘paygan. ATI.SU ma’lumotiga ko‘ra, bunga bozor omillaridan tashqari platformadan foydalanuvchilar sonining ortishi ham ta’sir qilmoqda.
Farid Vohidov yuk tashishga talab o‘sishi rasmiy statistika bilan ham mos kelayotganini ta’kidladi.
«Xalqaro tashuvlarda O‘zbekiston uchun eng yirik yo‘nalish bo‘lgan Rossiya bozoridagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Yozda asosiy salbiy omil yoqilg‘i inqirozi bo‘ldi. Sentabrda dizel yoqilg‘isi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilandi va bu talabning keskin oshishiga ta’sir qildi», – dedi u.
Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yuk tashish bozori asta-sekin raqamli servislar tomon o‘tmoqda. Kompaniya buni ATI.SU’dan foydalanayotgan mahalliy yuk egalari va tashuvchilar soni oshayotgani bilan izohlaydi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2026 – 2030-yillarda transport-logistika markazlari quvvati kamida 40 mln tonnaga yetkazilishi haqida yozgan edi.