Putin Tramp va Si Szinpinni sammitga taklif qildi

eʼlon qilindi
Uchrashuvda Ukrainadagi urushni tugatish masalasi muhokama qilinishi mumkin
Foto: ZDF.de

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Szinpin bilan uch tomonlama sammit o‘tkazishni taklif qildi. Uchrashuvda Ukrainadagi urushni tugatish masalasi muhokama qilinishi mumkin. Biroq Tramp hozircha taklifga rozilik bermagan. Bu haqda The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi.

Sammit noyabrda Xitoyda o‘tkazilishi mumkin

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Kreml uchrashuvni 18 – 19-noyabr kunlari Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida tashkil etishni taklif qilgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ehtimoliy uchrashuv bo‘yicha muhokamalar ketayotganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, sammitning aniq sanasi va kun tartibi hali kelishilmagan.

AQSh ma’muriyatining yuqori martabali vakili Tramp hozircha uchrashuvga rozilik bermaganini bildirgan. Biroq manbalar uning taklifni ko‘rib chiqishi mumkinligini istisno qilmagan.

Muzokaralarda Ukraina ishtirok etmasligi mumkin

WSJ ma’lumotiga ko‘ra, taklif etilayotgan formatda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirok etmasligi mumkin. Bu esa Ukrainadagi urush taqdiriga oid muzokaralar Ukraina vakillarisiz o‘tishi ehtimolini yuzaga keltiradi.

Putin ushbu tashabbusni 9-oktabr kuni Tramp bilan telefon orqali suhbatlashganida ilgari surgani aytilmoqda. O‘sha muloqot davomida AQSh Rossiyadan dizel yoqilg‘isi xarid qilish va uni jahon bozorida sotishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga ham erishgani haqida xabar berilgan.

Xitoy vositachi sifatidagi rolini kuchaytirmoqchi

Tahlilchilarga ko‘ra, uch tomonlama uchrashuv Xitoyning xalqaro diplomatiyadagi vositachilik rolini kuchaytirishi mumkin.

WSJ manbalari Rossiya tomoni taklifni diplomatik kanallar orqali Pekinga yetkazganini, Xitoy esa Tramp rozi bo‘lgan taqdirda uchrashuvga qarshi emasligini bildirganini qayd etadi.

Hozircha uchala davlat sammitni o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan. Uchrashuv bo‘lib o‘tadimi, qachon va qanday kun tartibida tashkil etiladi – bu savollar ochiq qolmoqda.

Avvalroq Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rniga yangi rahbar kelishi kerakligini aytgandi.

Shuningdek