Qozog‘istonda 2027-yilgi Ramazon oyi 8-fevraldan boshlanishi kutilmoqda

Qozog‘istonda 2027-yilgi Ramazon oyi 8-fevralda boshlanishi kutilmoqda. Bu sana Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tasdiqlagan 2027-yilgi diniy kunlar taqvimida keltirilgan.
Diniy sanalar bir kun farq qilishi mumkin
Muftiyat diniy kunlar taqvimini hijriy oylarning boshlanishi bo‘yicha xalqaro astronomik hisob-kitoblarga tayangan holda shakllantiradi. Shu bilan birga, diniy bayramlarning aniq sanasi yangi oyning ko‘rinishiga qarab bir kun oldinga yoki keyinga siljishi mumkinligi qayd etiladi. Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi 2027-yilgi diniy kunlar taqvimini 16-oktabr kuni tasdiqlagan.
O‘zbekistonda 2027-yil Ramazon sanasi e’lon qilinmadi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy saytida hozircha 2027-yil Ramazon sanasi bo‘yicha xabar e’lon qilinmagan. 2026-yilda Ramazonning boshlanish sanasi 2026-yil 17-fevral kuni rasman ma’lum qilingan edi. O‘zbekistonda 2026 yilgi Ramazon oyining boshlanishi 19 fevral kuniga to‘g‘ri kelgan edi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda Ramazon oyida 700 ming oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgani haqida yozgan edi.