Xususiy ta’limda IIV inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistondagi xususiy maktab, texnikum va universitetlarda ichki ishlar organlari inspektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, muhokama 3-noyabrgacha davom etadi. Loyihaga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlari bunday lavozimlarni o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil qilishi mumkin.
Maktablarda inspektor-psixologlar ishlashi mumkin
Loyihaga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida profilaktika katta inspektori hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimlarini joriy etishga ruxsat beriladi.
Xususiy maktablar va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida esa voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar faoliyat yuritishi mumkin.
Zo‘ravonlikning oldini olish bilan shug‘ullanadi
Inspektorlarning asosiy vazifalaridan biri o‘quvchi va talabalar o‘rtasida huquqbuzarlik, zo‘ravonlik, giyohvandlik, ekstremistik g‘oyalar ta’siri va boshqa salbiy holatlarning oldini olish bo‘ladi.
Ular ta’lim muassasasi ma’muriyati, pedagoglar, psixologlar, ota-onalar va davlat organlari bilan birgalikda xavf guruhidagi o‘quvchilar bilan ishlashi ko‘zda tutilgan.
Davomat ham nazorat qilinadi
Xususiy maktablarda inspektor-psixologlar muntazam dars qoldiradigan o‘quvchilarni aniqlashi, ularning darsga kelmaslik sabablarini o‘rganishi va ota-onalar bilan ishlashi rejalashtirilmoqda.
Loyihada o‘quvchilarning darsga qatnashishi kuzatuv kameralari orqali ham nazorat qilinishi mumkinligi qayd etilgan. Sababsiz muntazam dars qoldiradigan o‘quvchilar bo‘yicha alohida ro‘yxat yuritiladi.
Maxsus profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi
Hujjatda xususiy maktablarda «O‘smir», «O‘quvchi», «Tungi tekshiruv» va «Davomat» kabi profilaktik tadbirlarni muntazam o‘tkazish nazarda tutilgan. Ularning doirasida o‘quvchilar orasida taqiqlangan buyumlar, tamaki va narkotik vositalar, tungi vaqtda nazoratsiz yurish hamda dars vaqtida ko‘chada bo‘lish holatlari aniqlanishi mumkin.
Nodavlat universitetlarda esa «Davomat», «Tig‘» va «Oriyat» kabi maxsus tadbirlar rektor buyrug‘i asosida o‘tkazilishi mumkin.
Inspektor xususiy ta’lim tashkiloti so‘rovi bilan biriktiriladi
Loyihaga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkiloti tegishli ichki ishlar organiga inspektor lavozimini ochish va xodim ajratish bo‘yicha murojaat qiladi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida shartnoma tuziladi va yangi shtat birligi IIV buyrug‘i asosida tashkil etiladi.
Inspektor uchun xizmat xonasi, mebel, aloqa vositalari va kompyuter bilan ta’minlash xarajatlari tegishli nodavlat ta’lim tashkiloti zimmasiga yuklanishi taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident va davlat stipendiyalari test natijalari e’lon qilingani haqida xabar berilgandi.