Ibn Sino merosini o‘rganish bo‘yicha 2030-yilgacha reja tasdiqlandi

O‘zbekistonda buyuk tabib va olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Rejaga ko‘ra, alloma asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi, xalqaro mukofot ta’sis etiladi va Buxoroda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabrdagi 575-son qarori bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi» 2030-yilda nishonlanadigan Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligiga tayyorgarlik ko‘rishni ham nazarda tutadi.
Jumladan, 2026-yil oktabr oyida Toshkentda «Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, oliy tibbiyot ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, kutubxonalar va davolash muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar hamda ochiq ma’ruzalar tashkil etiladi.
Alloma asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi
Rejaga muvofiq, Ibn Sinoning xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarini to‘plash maqsadida ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etiladi.
Quyidagi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash ham ko‘zda tutilgan:
- «Mo‘jaz al-Qonun»;
- «Qonuncha»;
- «Al-Ishorat va at-tanbihot»;
- «Donishnoma»;
- «Kitob ash-Shifo»;
- «Sharq falsafasi».
Bundan tashqari, «Ibn Sino» xalqaro mukofotini ta’sis etish rejalashtirilgan.
Buxoroda ilmiy-tadqiqot markazi ochiladi
Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
Markaz Ibn Sino tibbiy merosiga oid tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini zamonaviy tibbiyotda qo‘llash va alloma asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, qo‘lyozmalar uchun elektron platforma yaratish, tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari hamda mahorat darslarini tashkil etish ham markazning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.
Markaz Buxoro davlat tibbiyot institutining budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlar, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hakim Termiziyning 1200 yilligi keng nishonlanishi haqida xabar berilgandi. Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2026-yil noyabr oyida Termiz shahrida «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etiladi.