Ispaniya sharqidagi suv toshqinlarida to‘rt kishi halok bo‘ldi

Ispaniyaning sharqiy O‘rta Yer dengizi sohillarida kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Eng og‘ir vaziyat Valensiya va Alikante hududlarida kuzatilmoqda, deb xabar berdi DW.
Ko‘tarilgan suv sabab yuzlab odamlar uylarning tomlari, binolar va avtomobillarda qolib ketgan. Favqulodda xizmatlar 450 dan ortiq kishilarni xavfsiz joyga olib chiqqan.
Oliva shahrida ikki kishi halok bo‘ldi
Oliva shahrida dushanba kuni ikki kishining jasadi topildi. Ulardan biri 79 yoshli ayol bo‘lib, u o‘z uyida topilgan. Yana bir erkak esa kemping hududida yurak xurujidan vafot etgan.
Sagunto shahrida bir erkak plyajda cho‘kib ketgan. Kataloniyada esa bir ayol yomg‘ir sabab sathi ko‘tarilgan soyga tushib ketib, halok bo‘lgan.
Yuzlab odamlar qutqarildi
Qutqaruvchilar suv bosgan hududlarda 450 dan ortiq kishilarga yordam ko‘rsatgan.
Ayrim odamlar vertolyot yordamida tomlardan olib chiqilgan, boshqalari suv bosgan binolar va avtomobillardan qutqarilgan. Qutqaruv ishlarida qayiqlardan ham foydalanilgan.
Ayrim hududlarda favqulodda cheklovlar joriy qilindi
Bir qator munitsipalitetlarda aholidan uyda qolish so‘ralib, favqulodda cheklovlar joriy etilgan. Keyinchalik ularning aksariyati bekor qilingan.
Balear orollari, jumladan, Mayorka va Ibiza ham kuchli yog‘ingarchilikdan zarar ko‘rgan. Ayrim maktablar yopilgan, aviareyslarning bir qismi bekor qilingan yoki kechiktirilgan.
Harbiy qutqaruv bo‘linmalari jalb qilindi
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches harbiy favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari qutqaruv ishlariga jalb etilganini ma’lum qildi. U hukumat jabrlangan hududlarga to‘liq yordam ko‘rsatishini bildirdi.
Mazkur suv toshqini Valensiyada 2024-yilda yuz bergan va 220 dan ziyod odamlar hayotiga zomin bo‘lgan yirik falokatdan qariyb ikki yil o‘tib sodir bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniyada Seuta inqirozi sabab o‘n minglab odamlar namoyishga chiqqani haqida yozgan edi.