Navoiy va Chirchiqda yillik daromad deklaratsiyasi sinovdan o‘tkaziladi

Hukumat qarori bilan Navoiy va Chirchiq shaharlarida jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasini tajriba-sinov tariqasida taqdim etish bo‘yicha vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Yangi tartib 2026–2027-yillarda olingan daromadlarga tatbiq etiladi. Deklaratsiya Soliq qo‘mitasining Elektron soliq xizmatlari portali yoki «Soliq» mobil ilovasi orqali doimiy yashash joyidagi soliq organiga yuboriladi.
Kimlar deklaratsiya topshiradi
Tartib Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tgan voyaga yetgan jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
18 yoshga to‘lmaganlar deklaratsiya topshirmaydi.
Shuningdek, hisobot yilida soliq organlariga ishga qabul qilingan yoki mazkur shaharlarda hisobga qo‘yilganiga olti oy to‘lmagan shaxslarga bu tartib tatbiq etilmaydi.
Deklaratsiya 1-aprelgacha topshiriladi
Jismoniy shaxs deklaratsiyani hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay topshirishi kerak.
Soliq organi deklaratsiya topshirish muddati tugashidan kamida bir oy oldin fuqaroga tegishli xabarnoma yuboradi.
Daromad bilan birga xarajatlar ham ko‘rsatiladi
Deklaratsiyada mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar, mulkiy daromadlar, moddiy naf tarzidagi va boshqa daromadlar aks ettiriladi.
Bundan tashqari, ko‘chmas va ko‘char mulk, shuningdek, soliqlar, kommunal xizmatlar hamda kreditlar bo‘yicha majburiyatlarga doir xarajatlar ham ko‘rsatiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlari bundan mustasno.
Ma’lumotlarning bir qismi avtomatik shakllantiriladi
Xarajatlar vazirlik va idoralardagi mavjud ma’lumotlar, «Soliq» ilovasida ro‘yxatga olingan fiskal belgili cheklar hamda elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllantiriladi.
Agar tizimdagi ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, fuqaro mobil ilova orqali qo‘shimcha ma’lumotlarni mustaqil kiritishi mumkin.
Xato bo‘lsa deklaratsiyani aniqlashtirish mumkin
Deklaratsiya noto‘g‘ri to‘ldirilgan taqdirda aniqlashtirilgan hisobot taqdim etish imkoniyati beriladi.
Agar aniqlashtirilgan deklaratsiyada ham noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilsa, jismoniy shaxsning murojaati asosida deklaratsiya rad etilishi va uni uch yil ichida qayta topshirishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.
Boshqa asoslar bilan deklaratsiyani rad etish taqiqlanadi.
Daromad va xarajatlar farqiga qo‘shimcha soliq solinmaydi
Qarorga ko‘ra, deklaratsiya asosida aniqlashtirilgan soliq bazasiga, ya’ni daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farqqa qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi va huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi. Soliq kodeksining 393-moddasida nazarda tutilgan daromadlar bundan mustasno.
Avvalroq «Kursiv» issiqxona xo‘jaliklariga yangi soliq va imtiyozlar berilishi haqida yozgan edi.