O‘zbekistonda 2030-yilgacha 500 mingta IT ish o‘rni yaratiladi

eʼlon qilindi
300 mingta ish o‘rni yaratildi
Foto: prezident.uz

O‘zbekistonda 2030-yilgacha raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali yana 500 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, axborot texnologiyalari sohasida 2030-yilgacha 300 mingta ish o‘rni yaratish maqsadiga joriy yilning o‘zida erishilgan. Endi yoshlarni kasbga tayyorlash va ularning bandligini ta’minlash orqali bu ko‘rsatkichni yanada oshirish ko‘zda tutilmoqda.

5,5 mln yosh o‘qitiladi

Taqdimotda 2030-yilgacha 5,5 million nafar yoshni an’anaviy va masofaviy shakllarda o‘qitish rejalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, robototexnika, sun’iy intellekt, dasturlash va kompyuter o‘yinlarini yaratish kabi yo‘nalishlarda yiliga 1 million nafar yoshni o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini ish bilan bog‘lash uchun «Raqamli yoshlar» platformasini rivojlantirish ham rejalashtirilmoqda. Unda yoshlarning ta’limi, til bilish darajasi va sertifikatlari haqidagi ma’lumotlar jamlanib, ularga mos bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi.

Bundan tashqari, raqamli ta’lim yo‘nalishiga xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilish orqali grantlar hajmini oshirish belgilandi. O‘tgan yili bu yo‘nalishda 22 million dollar grant jalb qilingan. Ko‘rsatkichni 2026-yil yakunigacha 60 million dollarga, 2030-yilga borib esa yiliga 100 million dollarga yetkazish topshirildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni esa «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagandi.

Shuningdek