O‘zbekistonda farmatsevtlar kuni ham nishonlanadi

O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda farmatsevtika sohasi vakillarining kasb bayramini ham qonunchilikda mustahkamlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tegishli qonun loyihasiga ko‘ra, amaldagi qonundagi «Tibbiyot xodimlari» iborasi «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari» shaklida o‘zgartiriladi.
Noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi kasb bayrami bo‘ladi
Loyihada noyabr oyining ikkinchi yakshanbasini O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni etib belgilash nazarda tutilgan.
Bu orqali farmatsevtika sohasi xodimlari ham kasb bayrami doirasida alohida e’tirof etiladi.
O‘zbekistonda 50 mingdan ortiq farmatsevt ishlaydi
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, 504 ta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Qonunchilikdagi tushunchalar uyg‘unlashtiriladi
Taklif etilayotgan o‘zgartirish «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi hamda «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarda qo‘llaniladigan tushunchalar bilan uyg‘unlikni ta’minlashi aytilmoqda.
Farmatsevtlar mavqeini oshirish maqsad qilingan
Muhokamalar davomida qonun loyihasining qabul qilinishi farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Qonun loyihasi majlisda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Avvalroq «Kursiv» Samarqandda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis qurilayotgani haqida yozgan edi.