O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga 442 mln dollar yo‘naltirilmoqda

2026-yilda O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun $442 mln yo‘naltirilib, 200 km avtomobil yo‘lini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Yo‘l loyihalariga 442 mln dollar yo‘naltiriladi
Joriy yilda yo‘l xo‘jaligi sohasida 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 13 tasi xalqaro moliya institutlari, yana ikkitasi davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan.
Ushbu loyihalar doirasida $442 mln o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu 2025-yilga nisbatan 1,5 baravar, 2024-yilga nisbatan esa 1,8 baravar ko‘p.
To‘qqiz oyda 110 km yo‘l rekonstruksiya qilindi
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida to‘qqizta loyiha doirasida 110 km avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilingan. Bajarilgan ishlar qiymati $214,3 mlnni tashkil etib, belgilangan reja 101 foizga bajarilgan.
Hozirda Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Buxoro hududlarida yirik yo‘l loyihalari davom etmoqda. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Surxondaryodagi 4R 105 va 4R 100 avtomobil yo‘llarining 111 km, Qoraqalpog‘istondagi A380 yo‘lining 25 km qismi rekonstruksiya qilinmoqda.
Yangi loyihalar bo‘yicha yo‘l qurilishi boshlandi
Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida Qashqadaryodan o‘tuvchi M39 yo‘lining 60 km, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida esa Buxorodagi A380 yo‘lining 78 km qismini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Xorazm, Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlardagi bir qator yo‘l loyihalari bo‘yicha tenderlar o‘tkazilib, to‘rtta loyiha doirasida qurilish ishlari boshlangan.
Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va sohaga investitsiya jalb qilish maqsadida 50 dan ortiq xorijiy hamkor bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Ayni vaqtda Turkiya, Germaniya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik davom ettirilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent — Samarqand yo‘nalishida yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilgani haqida yozgan edi.