Saida Mirziyoyeva Janett Rubio bilan Samarqandni ziyorat qildi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning rafiqasi Janett Rubio bilan birgalikda Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qildi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
U mehmonni Samarqandning boy tarixi, ko‘p asrlik an’analari va mahalliy ustalar san’ati bilan tanishtirganini yozdi.
Ko‘hna va betakror shahar
Saida Mirziyoyeva Janett Rubioga Samarqand bo‘ylab hamrohlik qilganini ta’kidladi.

«Qadrli mehmonimizni bu ko‘hna va betakror shaharning boy tarixi, umrboqiy an’analari, shuningdek, mohir ustalarning san’ati bilan tanishtirish niyatida unga hamrohlik qildim», – deb yozdi u.
U, shuningdek, tashrif Janett Rubioda O‘zbekiston va o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi haqida iliq taassurot qoldirganiga umid bildirdi.
Rubio Samarqandda C5+1 tadbirlarida qatnashmoqda
Marko Rubio ayni kunlarda Samarqandda C5+1 formatidagi tadbirlar doirasida bo‘lib turibdi. Uning tashrifi siyosiy muzokaralar, biznes vakillari bilan uchrashuvlar hamda O‘zbekiston – AQSh iqtisodiy hamkorligiga bag‘ishlangan tadbirlarni ham qamrab olmoqda.