Makkadagi masjidda nomaqbul ish qilgan ikki bangladeshlik qatl etildi

Saudiya Arabistonining Makka mintaqasida masjid ichida «nomaqbul ish» sodir etganlikda ayblangan ikki Bangladesh fuqarosi 14-oktabr kuni qatl etildi. Saudiya Ichki ishlar vazirligi ularning sud tomonidan aybdor deb topilgani va o‘lim jazosi qirollik buyrug‘i bilan ijro etilganini ma’lum qildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni davlat axborot agentligi xabar berdi.
Rasmiy bayonotda nima deyilgan
Saudiya Ichki ishlar vazirligi bayonotida qatl etilgan shaxslar Nazrul Islam Abdul Basir va Siti Akhtar deb ko‘rsatilgan. Ikkalasi ham Bangladesh fuqarosi bo‘lgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik organlari ularni qo‘lga olgan, tergovdan so‘ng ayblovlar qo‘yilgan va ish vakolatli sudga yuborilgan. Sud ayblovlarni asosli deb topib, ularga ta’zir tartibida o‘lim jazosi tayinlagan. Hukm tegishli organ tomonidan tasdiqlanib, yakuniy kuchga kirganidan so‘ng qirollik buyrug‘i chiqarilgan.
Ta’zir — islom huquqida jazo turi bo‘lib, uning qo‘llanishi va miqdori sud vakolatiga bog‘liq.
Saudiya vazirligi bayonotida aynan qanday harakat sodir etilgani, voqea qaysi masjidda yuz bergani va gumonlanuvchilar qachon qo‘lga olingani ochiqlanmagan. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tafsilotlarni tasdiqlangan fakt sifatida keltirishga asos yo‘q.
Bangladesh hukumati Saudiya Arabistonidan izoh so‘radi
Bangladesh Tashqi ishlar vazirligi ikki fuqarosining qatl etilgani haqida hukmlar ijro qilinganidan keyin xabar topganini bildirdi. Vazirlik va mamlakatning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonasi bu haqda oldindan xabardor qilinmaganini ma’lum qildi.
Bangladesh tomoni Saudiya hukumatiga rasmiy murojaat yuborib, ayblovlarning mazmuni, sud jarayoni va hukmning ijro etilishi yuzasidan batafsil ma’lumot so‘radi. 19-oktabr kuni Bangladesh Tashqi ishlar vazirligi sud hukmining nusxasini ham talab qilganini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi video yuzasidan ogohlantirish
Qatl haqidagi xabarlar tarqalgach, Ka’ba yaqinida erkak va ayol aks etgan video ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ayrim postlarda tasvir ushbu ish bilan bog‘langan.
Biroq «Holy Mosques» nomi bilan tanilgan muqaddas masjidlar haqidagi axborot manbasi videoni chalg‘ituvchi deb atadi. Video qatl etilgan ikki shaxsning ishiga dalil ekanini tasdiqlovchi ma’lumot yo‘q.
Avvalroq sakkizta musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan davlat Isroilning falastinliklarga qarshi harbiy sudlarda o‘lim jazosini asosiy hukm sifatida belgilovchi qonunni qat’iyan qoralagandi.