Yer yuzining 85 foizini qamragan issiqlik: olimlar yangi hodisani aniqladi

eʼlon qilindi
Eng yirik qayd etilgan hodisa 367 kun davom etib, Yer yuzasining qariyb 85 foiziga ta’sir qilgan
Foto: Piri.net

Dunyo bo‘ylab issiq to‘lqinlar tobora kengroq hududlarni qamrab olib, uzoqroq davom etmoqda. Reuters tahlilida bunday hodisalar «heat storm» — ulkan issiq to‘lqinlar deb nomlandi. Eng yirik qayd etilgan hodisa 367 kun davom etib, Yer yuzasining qariyb 85 foiziga ta’sir qilgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Nashr iqlimshunoslar bilan maslahatlashib, 1960-yildan buyon dunyo bo‘ylab harorat ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan. Reuters ta’rifiga ko‘ra, kamida besh kun davom etadigan va eng yuqori nuqtasida Yer yuzasining kamida bir foizini qamrab oladigan issiq to‘lqinlar «heat storm» hisoblanadi.

Tahlilga ko‘ra, 1960-yillarda bunday hodisalar yiliga o‘rtacha beshta bo‘lgan. Joriy o‘n yillikda esa ularning soni yiliga o‘rtacha 102 taga yetgan.

2023–2024-yillarda kuzatilgan Vera nomli issiq to‘lqin 367 kun davom etib, sayyoraning qariyb 85 foizini qamrab olgan. 2026-yil fevralida boshlangan Raimundo nomli hodisa esa avgust oyida Yer yuzasining 33,8 foizini qamrab olgan va hozirgacha qariyb uchdan to‘rt qismiga ta’sir ko‘rsatgan.

Reuters tahlilida issiq to‘lqinlarning kuchayishi issiqxona gazlari chiqindilarining ortishi bilan bog‘langan. Bunday hodisalar inson salomatligi, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va tabiiy ekotizimlarga zarar yetkazishi mumkin.

Avvalroq iqlim o‘zgarishi tufayli kechasi havo haroratining oshib borishi dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek