Qarshida 54 mln dollarlik to‘qimachilik fabrikasi ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasidagi «Sulton Tex Group» to‘qimachilik klasteri fabrikasi bilan tanishdi. Loyiha qiymati $54 mln bo‘lib, korxonada yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvati yaratilgan.
Fabrika Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil 13-martda qabul qilingan qaror doirasida tashkil etilgan. Loyiha natijasida 840 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonada mato ishlab chiqarish va bo‘yash liniyalari ishga tushirilgan.
Yiliga 1,1 mln kub metr suv tejaladi

Korxonada suv va energiya sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qiymati $3 mln bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlab chiqarishda foydalanilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, qayta ishlatish imkonini beradi. Natijada yiliga 1,1 mln kub metr suvni tejash rejalashtirilgan.
Fabrikada gaz generatori ham o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 MVt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan.
Yana $70 mlnlik loyiha amalga oshiriladi
Kelgusida «Sulton Tex Group» mazkur erkin iqtisodiy zonada $70 mlnlik yana bir loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.
Loyiha doirasida 3,6 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Viloyatning boshqa tumanlarida amalga oshiriladigan jami $17 mlnlik loyihalar esa yana 1,2 ming kishini ish bilan ta’minlashi rejalashtirilmoqda.
Prezident korxonadagi resurs tejamkor texnologiyalar boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun ham namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev bolalar farovonligi bo‘yicha yangi takliflarni ilgari surgani haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari bolalar salomatligi, ta’limi, raqamli xavfsizligi va ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif etdi.