Ijtimoiy loyihalar uchun sun’iy intellekt infratuzilmasidan imtiyozli foydalanish tartibi belgilandi

Raqamli texnologiyalar vazirligining sun’iy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli foydalanish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartib oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga mas’ul maslahatchilari loyihalariga tatbiq etiladi.
Katta til modellari uchun 10 mln token bepul beriladi
Qarorga ko‘ra, katta til modellari texnologiyasidan foydalanadigan loyihalar dasturiy interfeys orqali olti oygacha bepul foydalanishi mumkin.
Bunda bir kalendar oy davomida 10 mln token hajmidagi ma’lumotlarni qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Agar bir oyda 10 mln tokendan ortiq foydalanilsa, qo‘shimcha 50 mln tokengacha bo‘lgan hajm uchun amaldagi tariflar qo‘llanadi. Shu bilan birga, foydalanuvchiga tarifning 50 foizi miqdorida chegirma beriladi.
Foydalanilmay qolgan tokenlar keyingi oyga o‘tkazilmaydi.
Boshqa AI modellariga 120 GB videoxotira ajratiladi
Katta til modellari hisoblanmaydigan sun’iy intellekt modellarini o‘rgatish, sinovdan o‘tkazish, validatsiya qilish, baholash va inferens uchun ham alohida imkoniyat yaratiladi.
Foydalanuvchining arizasiga ko‘ra, olti oygacha bo‘lgan muddatga jami 120 GB dan oshmaydigan videoxotira hajmi ajratilishi mumkin.
Loyihalar tanlov orqali saralanadi
Imtiyozli foydalanish huquqi barcha ariza beruvchilarga avtomatik berilmaydi.
Loyihalar tanlov asosida saralab olinadi. Tanlov yiliga ikki marta – iyul va noyabr oylarida o‘tkaziladi.
Arizalar 100 ballik tizim bo‘yicha baholanadi.
Natijadan norozi ishtirokchi shikoyat qilishi mumkin
Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga elektron shaklda shikoyat berishi mumkin.
Shikoyat besh ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.
Bir vaqtning o‘zida faqat bitta loyiha amalga oshiriladi
Yangi tartibga ko‘ra, bir foydalanuvchiga bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq loyihani amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, foydalanuvchilar olingan ma’lumotlarni nizomda belgilangan maqsadlardan tashqari qayta ishlashi, uchinchi shaxslarga berishi, nusxalashi, tarqatishi yoki tijorat maqsadlarida foydalanishi mumkin emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari davlat ro‘yxatidan o‘tishi haqida yozgan edi.