Moliyaviy xizmatlar uchun «tartibga solish qumdoni» kengaytirildi

eʼlon qilindi
Uchta alohida sinov yo‘lagi joriy etildi
Moliyaviy xizmatlar uchun «tartibga solish qumdoni» kengaytirildi
Rasm: SI yordamida yaratilgan

Adliya vazirligi Markaziy bank tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasida maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibiga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangi tartib bilan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish va bekor qilish, shuningdek, uning doirasida faoliyat yuritish qoidalari belgilandi.

Uchta alohida sinov yo‘lagi joriy etildi

«Tartibga solish qumdoni»ning institutsional modeli kengaytirilib, uchta alohida yo‘nalish joriy qilindi.

Bular – «innovatsiya», «akseleratsiya» va «texnologik hamkorlik» yo‘laklaridir.

Mazkur yo‘nalishlar yangi moliyaviy xizmatlar va texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish mexanizmini yanada tizimlashtirishga xizmat qiladi.

Norezident kompaniyalar ham qatnashishi mumkin

Yangi tartib bilan «tartibga solish qumdoni» ishtirokchilari doirasi ham kengaytirildi.

Endi norezident yuridik shaxslar birgalikda ariza beruvchi sifatida, shuningdek, faoliyati Markaziy bankdan boshqa davlat organlari tomonidan tartibga solinadigan yuridik shaxslar ham ushbu maxsus rejimda qatnashishi mumkin.

Ariza topshirishdan oldin maslahat beriladi

Yangi moliyaviy xizmatni joriy etmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar uchun ariza topshirish oldi maslahati – pre-application support instituti ham joriy qilindi.

Bu mexanizm orqali kompaniyalar «tartibga solish qumdoni»ga kirishdan oldin talablar va ariza topshirish jarayoni bo‘yicha maslahat olishi mumkin bo‘ladi.

Ishtirokchilar reyestri yuritiladi

Hujjat bilan «tartibga solish qumdoni» ishtirokchilari reyestrini yuritish tartibi ham belgilandi. Bu orqali maxsus rejim doirasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar hisobini tizimli yuritish ko‘zda tutilgan.

Reklamada sinov rejimi ekani ko‘rsatilishi shart

«Tartibga solish qumdoni» doirasida sinovdan o‘tayotgan moliyaviy xizmatlarni reklama qilish bo‘yicha ham alohida talab kiritildi.

Reklama va axborot materiallarida xizmat «tartibga solish qumdoni» doirasida sinov tariqasida taqdim etilayotgani aniq ko‘rsatilishi shart bo‘ladi.

Avvalroq «Kursiv» yiliga 1 mln tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek