O‘zbek tilida ishlash uchun foydali dastur va saytlar

eʼlon qilindi
O‘zbek tilida matn yozish, imlo xatolarini tekshirish, tarjima qilish, so‘zlarning ma’nosini aniqlash yoki kirill yozuvidan lotinga o‘tkazish uchun turli dasturlar mavjud
O‘zbek tilida ishlash uchun 8 ta foydali dastur va sayt
Rasm: SI yordamida yaratilgan

O‘zbek tilida matn yozish, imlo xatolarini tekshirish, tarjima qilish, so‘zlarning ma’nosini aniqlash, shuningdek, kirill yozuvidan lotinga o‘tkazish uchun turli dasturlar mavjud. Kursiv Uzbekistan o‘zbek tilida ishlashni osonlashtiradigan foydali platformalarni bir joyga jamladi.

Savodxon — matndagi xatolarni aniqlash va tuzatish

Savodxon o‘zbek tilida savodli yozishga yordam beradigan ko‘p funksiyali dasturlardan biridir. Platforma matndagi imlo xatolarini aniqlaydi va ularni tuzatish uchun to‘g‘ri yozilgan variantlarni tavsiya qiladi.

Ekran tasviri/ savodxon.uz

Dastur yordamida matnni kirill yozuvidan lotinga yoki aksincha o‘tkazish, shuningdek, xorijiy tillardan tarjima qilish mumkin. Uning muhim afzalliklaridan biri Microsoft Word, Excel va PowerPoint bilan ishlash imkoniyatidir. Masalan, Word hujjatidagi xatolarni dasturdan chiqmasdan tekshirish mumkin.

Platformada izohli lug‘at ham mavjud. Undan so‘zlarning ma’nosini aniqlash, qo‘shimcha qo‘shilgan so‘zlarning tuzilishini o‘rganish uchun foydalanish mumkin.

Savodxon, asosan, pulli obuna asosida ishlaydi. Saytda 30 kunlik obuna 50 ming so‘m, bir yillik obuna esa 240 ming so‘m etib ko‘rsatilgan. Yakshanba kunlari imlo tekshiruvi va yozuvni o‘girish xizmatlaridan bepul foydalanish mumkin.

Shuningdek, o‘qing: Yangi harflar, eski muammo: alifbo masalasi yana muhokama markazida

Tilmoch — sun’iy intellekt yordamida tarjima

Tilmoch xorijiy tillardagi matnlarni o‘zbekchaga tarjima qilish uchun ishlab chiqilgan sun’iy intellekt xizmatidir. U o‘zbek, qozoq va qoraqalpoq kabi turkiy tillar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratadi.

Dasturning o‘ziga xos jihati shundaki, tarjima qilingan matndagi ayrim so‘zlarni tanlab, ularning boshqa variantlarini ko‘rish mumkin. Bu foydalanuvchiga matnni o‘z uslubiga moslashtirish, tabiiyroq jumlalar tuzish imkonini beradi.

Foto: Ekran tasviri/ tilmoch.ai

Tilmoch matnni so‘zma-so‘z o‘girish o‘rniga, uning mazmunini hisobga olgan holda tarjima qilishga intiladi. Xizmatda tarjima natijasini qayta ishlash va sayqallash imkoniyatlari ham mavjud.

Dastur xorijiy maqolalar, hujjatlar va boshqa materiallar bilan ishlaydigan mutaxassislarga qo‘l kelishi mumkin. Tilmochning Android uchun mobil ilovasi ham mavjud. Biroq sun’iy intellekt tarjimalarida ma’no va terminlarni yakuniy tekshirish muhim.

Imlox — bepul imlo va tinish belgilarini tekshirish

Imlox.uz ham o‘zbek tilida yozilgan matnlarni tekshirishga mo‘ljallangan onlayn platformadir. Xizmat imlo va tinish belgilaridagi xatolarni aniqlash, ularga tuzatish variantlarini taklif qilish imkonini beradi.

Saytdan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki pulli obuna xarid qilish shart emas. Matnni maxsus oynaga kiritish kifoya. Platformada 20 ming belgigacha bo‘lgan matnlar bilan ishlash oynasi mavjud.

Ekran tasviri/ imlox.uz

Imlox orqali lotin yozuvidagi matnni kirillga va aksincha o‘tkazish mumkin. Bundan tashqari, dasturda o‘zbek lotin alifbosining taklif etilayotgan yangi shakliga o‘tkazish funksiyasi ham namoyish etilgan. Mazkur imkoniyat hozircha to‘liq ishga tushirilmagan.

Platforma ishlab chiquvchilarining bildirishicha, bepul tekshirish uchun kiritilgan matnlar serverda saqlanmaydi. Bu hujjatlar bilan ishlovchilar uchun muhim jihat bo‘lishi mumkin.

Imlox akademik materiallarni tekshirishga oid qo‘shimcha vositalarni ham sinovdan o‘tkazmoqda. Ular orasida ilmiy jurnal ma’lumotlari, iqtiboslar va DOI identifikatorlarini tekshirishga oid funksiyalar bor. Ayrim imkoniyatlar hozircha beta bosqichida.

Imlo.uz — so‘zlarning to‘g‘ri yozilishini aniqlash

Imlo.uz o‘zbek tilining elektron imlo lug‘atlaridan biridir. Platforma bazasida 87 mingdan ortiq so‘zlar jamlangan.

Foto: Ekran tasviri

Sayt orqali foydalanuvchi o‘zini qiziqtirgan so‘zning to‘g‘ri yozilishini aniqlashi mumkin. Xususan, talaffuzda bir-biriga o‘xshash tovushlar, tutuq belgisi yoki qo‘sh undoshlar bilan bog‘liq xatolarning oldini olishda ushbu lug‘at yordam beradi.

Imlo.uz nafaqat so‘zning yozilishini, balki uning bo‘g‘inlarga ajratilishini ham ko‘rsatadi. Ayrim so‘zlar uchun so‘z turkumi, kelishik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishi yoki fe’l shakllari haqidagi ma’lumotlar ham beriladi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar boshqa xizmatlarga o‘tib, qidirilgan so‘zning ma’nosi, sinonimlari yoki boshqa alifbodagi yozilishini ko‘rishi mumkin.

Imlo.uz ayniqsa rasmiy xatlar, ilmiy ishlar, maqolalar va ijtimoiy tarmoq postlarini tayyorlashda foydalidir.

Shuningdek, o‘qing: Yangi o‘zbek alifbosi Senat tomonidan tasdiqlandi

Izoh.uz — notanish so‘zlarning ma’nosini bilish

Izoh.uz o‘zbek tilining elektron izohli lug‘ati bo‘lib, unda 36 mingdan ortiq so‘zning ma’nosi jamlangan.

Platformaning asosiy vazifasi so‘zlarning mazmunini tushuntirishdir. Foydalanuvchi qidiruv oynasiga so‘zni kiritib, uning izohi, turli ma’nolari va qo‘llanishiga oid misollarni ko‘rishi mumkin.

Foto: Ekran tasviri

Ayrim so‘zlar bir nechta ma’noga ega bo‘lib, ularning qaysi vaziyatda ishlatilishi ham farq qiladi. Izoh.uz bunday holatlarda to‘g‘ri ma’noni tanlashga yordam beradi. Lug‘atda badiiy asarlardan olingan misollar ham uchraydi.

Saytning yana bir qulay tomoni – ko‘p qidirilgan, yangi qo‘shilgan va tasodifiy so‘zlar bilan tanishish imkoniyatidir. Bu o‘zbek tilini o‘rganayotganlar yoki so‘z boyligini oshirmoqchi bo‘lganlar uchun ham foydali.

Platformadan jurnalistlar, tarjimonlar, o‘qituvchilar, talabalar va kundalik hayotida notanish so‘zlarga duch keladigan barcha foydalanuvchilar foydalanishi mumkin.

Lotin.uz — kirill va lotin yozuvlarini o‘girish

Lotin.uz o‘zbek tilidagi matnlarni kirill yozuvidan lotinga yoki aksincha o‘tkazib beradigan onlayn xizmatdir.

Platformaning asosiy afzalligi – katta hajmdagi matnlarni qayta terishga ehtiyoj qoldirmasligi. Masalan, kirill yozuvida tayyorlangan hujjat yoki maqolani lotin yozuviga o‘tkazish uchun uni saytga joylashtirish mumkin.

Foto: Ekran tasviri

Xizmat oddiy harf almashtirishdan tashqari, ayrim istisno so‘zlarni, mashhur brend nomlarini va fonetik o‘zgarishlarni ham hisobga olishga harakat qiladi. Shuningdek, foydalanuvchi kiritgan matnning qaysi alifboda ekanini avtomatik aniqlash imkoniyati mavjud.

Lotin.uz saytida fayl yuklab, uning yozuvini o‘girish funksiyasi ham bor. Yuklanadigan fayl hajmi 10 MB dan oshmasligi kerak.

Xizmatdan telefon va kompyuter orqali foydalanish mumkin. Biroq avtomatik o‘girishdan keyin, ayniqsa, atoqli otlar va murakkab so‘zlarni qayta ko‘zdan kechirish maqsadga muvofiq.

Sinonim.uz — so‘z boyligini oshirishga yordamchi

Sinonim.uz o‘zbek tilidagi ma’nodosh so‘zlarni topishga mo‘ljallangan elektron lug‘atdir.

Matn yozishda bir xil so‘zning takrorlanishi uning ravonligi va ta’sirchanligini kamaytirishi mumkin. Sinonim.uz bunday vaziyatlarda boshqa so‘z variantlarini topishga yordam beradi.

Foto: Ekran tasviri

Masalan, maqola yoki boshqa ijodiy matn tayyorlayotgan muallif bir so‘zning ma’nodoshlarini izlab, jumlaga mos keladigan variantni tanlashi mumkin. Bunda sinonimlarning ma’no nozikliklari va qo‘llanish uslubiga ham e’tibor berish kerak.

Sayt ma’lumotlariga ko‘ra, unda 3,3 mingdan ortiq so‘z va 900 ga yaqin sinonimlar to‘plami jamlangan. Platformada eng ko‘p qidirilayotgan ma’nodosh so‘zlar bilan tanishish imkoniyati ham mavjud.

Sinonim.uz, ayniqsa, yozuvchilar, jurnalistlar, kopirayterlar, talabalar va o‘z fikrini yanada ravon ifodalashni istagan foydalanuvchilar uchun qo‘l keladi.

Avvalroq «Kursiv» yangi alifbo haqida jamoatchilik qanday fikrdaligini yozgan edi.

Shuningdek