Mutaxassis tahlili: eng katta to‘siq — texnologiya va nou-xau

O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lsa-da, ishlab chiqarilmaydigan 10 turdagi mahsulot importiga 2025-yilda qariyb $748 mln sarflandi. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi Boshqarma boshlig’i Otabek Sharipov buning sabablari va mahalliylashtirish imkoniyatlarini Kursiv Uzbekistan’ga tushuntirdi.

Foto: Otabek Sharipovning shaxsiy telegram sahifasi
Mahalliylashtirish salohiyati 3–5 yilda $370 – 480 mlnga yetishi mumkin
— Otabek Bekmurodovich, agentlik ro‘yxatidagi ayrim mahsulotlar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish hajmi nolga teng. Ichki bozorda talab bo‘lsa, nima uchun ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish haligacha yo‘lga qo‘yilmagan?
— Buning bir nechta asosiy sababi bor va ular mahsulot turiga qarab farq qiladi. Birinchi navbatda, ayrim mahsulotlarni ishlab chiqarish yuqori texnologiya hamda katta miqdordagi boshlang‘ich kapitalni talab qiladi. Gap faqat zavod qurish yoki uskuna sotib olish haqida emas. Murakkab intellektual mulk, patentlangan texnologiyalar va ishlab chiqarish nou-xausiga ega bo‘lish ham zarur.
Ikkinchi muammo xomashyo va butlovchi qismlar bazasi bilan bog‘liq. Ayrim ishlab chiqarish zanjirlari uchun zarur yarimfabrikatlar, maxsus qotishmalar yoki kimyoviy birikmalar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Natijada tayyor mahsulotni mahalliylashtirishga urinishning o‘zi import xomashyo va komponentlariga yuqori darajada bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin.
Yana bir muhim omil – bozor hajmi. Ayrim mahsulotlarda ishlab chiqarish iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lishi uchun juda katta hajmga chiqish kerak. Faqat O‘zbekiston ichki bozoriga ishlaydigan korxona zavod qurilishiga sarflangan kapital xarajatlarini qoplay olmasligi mumkin. Bunday loyihalarda odatda eksport bozorlari ham hisobga olinishi kerak. Shuningdek, yuqori aniqlikdagi uskunalar bilan ishlay oladigan muhandislik-texnik kadrlar va tegishli sanoat klasterlarining yetarlicha shakllanmagani ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Eng katta to‘siq — texnologiya va nou-xau
— Mahalliylashtirishga eng katta to‘siq nima: texnologiyami, investitsiyami, xomashyomi yoki mahsulot tannarximi?
— Mahsulotdan mahsulotga vaziyat o‘zgaradi. Lekin umumlashtirilgan holda eng katta to‘siq – texnologiya va nou-xau. Maxsus texnologiyalar, litsenziyalar hamda avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyalarining mavjud emasligi murakkab sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirish imkoniyatini cheklaydi.
Ikkinchi katta masala – tannarx va raqobatbardoshlik. Xitoy va boshqa yirik ishlab chiqaruvchi mamlakatlardagi korxonalar juda katta hajmda mahsulot chiqaradi. Miqyos samarasi hisobiga ularning tannarxi past bo‘ladi. Yangi tashkil etilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchi bunday narx bilan raqobatlashishda qiynalishi mumkin.
Uchinchi omil – investitsiyalar va uzoq muddatli arzon kapital. Yuqori texnologik loyihalarga katta mablag‘ kerak, qaytish muddati esa uzoq bo‘lishi mumkin. Shu sabab uzoq muddatli va nisbatan arzon moliyalashtirish manbalari muhim.
Keyingi o‘rinlarda malakali muhandislar va chuqur qayta ishlangan xomashyo komponentlarining yetishmasligi turadi.
— Demak, barcha mahsulotlarni mahalliylashtirish uchun bir xil yondashuv ishlamaydi?
— Albatta. Mahsulotlarning texnik va texnologik xususiyatlari bir-biridan keskin farq qiladi. Masalan, litiy-ionli akkumulyatorlarda asosiy masala texnologiya, xomashyo va xavfsizlik standartlaridir. Litiy, kobalt, nikel va grafit kabi elementlarni yuqori darajada tozalash, katod va anod materiallarini tayyorlash texnologiyalari talab etiladi. Bundan tashqari, bu sohada patentlar, xavfsizlik standartlari va sertifikatlash talablari juda yuqori.
Kompressorlarda esa vaziyat boshqacha. Muzlatkich yoki konditsionerlar uchun kompressor ishlab chiqarish yuqori aniqlikdagi mashinasozlikni talab qiladi. Ayrim detallar mikron darajasidagi aniqlik bilan tayyorlanishi, murakkab quyish va shtamplash uskunalaridan foydalanilishi kerak. Bu yerda ishlab chiqarish hajmi ham muhim. Yiliga kamida 1-2 mln dona mahsulot ishlab chiqarilmasa, tannarxning raqobatbardosh bo‘lishi qiyin.
Tikuv mashinalarida asosiy muammo texnologik murakkablikdan ko‘ra tannarx, sifat va brend bilan bog‘liq. Xitoy va Tayvandagi yirik ishlab chiqaruvchilar bu bozorda katta hajmda ishlaydi va juda past tannarxga ega. Shu sabab noldan yangi ishlab chiqarish tashkil etish iqtisodiy jihatdan tavakkal loyiha bo‘lishi mumkin.

Akkumulyatorlarni mahalliylashtirish murakkab jarayon
— Litiy-ionli akkumulyatorlar alohida e’tibor tortadi. 2025-yilda ularning importi $423,2 mlnni tashkil etgan. Nega aynan shu mahsulotni mahalliylashtirish murakkab?
— Bu yerda tayyor akkumulyator yig‘ish bilan uning asosiy elementi – batareya hujayrasini ishlab chiqarishni farqlash lozim. Litiy-ionli akkumulyator hujayralarini ishlab chiqarish uchun yuqori tozalikdagi kimyoviy komponentlar, katod va anod materiallari, murakkab texnologik jarayonlar hamda xavfsizlik bo‘yicha yuqori standartlar kerak. Shu sabab yaqin istiqbolda bunday mahsulotlarni 100 foiz mahalliylashtirishdan ko‘ra, ayrim butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va yakuniy yig‘ishni O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yish realroq yo‘nalish hisoblanadi.
— Agentlik ro‘yxatida litiy-ionli akkumulyatorlar uchun $120 mlnlik, kompressorlar uchun $20 mlnlik, tikuv mashinalari uchun $15 mlnlik, legirlangan po‘lat uchun esa $60 mlnlik loyihalar ko‘rsatilgan. Investor shunday loyihaga kirishni istasa, Agentlik unga qanday yordam bera oladi?
— Birinchi yo‘nalish – texnologik hamkor va investor topishga ko‘maklashish. Buning uchun xorijiy OEM va ODM kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar, investitsiya forumlari tashkil etilishi mumkin. Texnologiyalar transferi, litsenziyalash yoki qo‘shma korxona tashkil etish mexanizmlaridan foydalanish ham muhim.
Ikkinchi yo‘nalish sanoat kooperatsiyasi bilan bog‘liq. cooperation.uz portali va Milliy sanoat zanjiri ko‘rgazmalari orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida butlovchi qismlar yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish mumkin. Bu yirik davlat korxonalari va ishlab chiqaruvchilarning istiqboldagi xarid ehtiyojlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tadbirkor uchun kelajakdagi bozorni baholash imkonini ham beradi.

Investorlar uchun kafolatlangan xarid mexanizmi taklif qilinmoqda
— Investor uchun eng katta tavakkallardan biri mahsulotni ishlab chiqargandan keyin unga xaridor topish. Bunday loyihalarda sotuv kafolatini yaratish mumkinmi?
— Bu yo‘nalishda off-take, ya’ni kafolatlangan xarid shartnomalaridan foydalanish mumkin. Bunda ma’lum hajmdagi mahsulotni uzoq muddat davomida sotib olish bo‘yicha kelishuv tuziladi. Bu ishlab chiqaruvchiga kelajakdagi talabni oldindan ko‘rish va investitsiya loyihasining iqtisodiy modelini aniqroq hisoblash imkonini beradi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni davlat xaridlarida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan ham foydalanish mumkin. Jumladan, narx preferensiyalari 15 – 20 foizgacha yetishi mumkin.
Bundan tashqari, bojxona-tarif siyosati ham muhim. Masalan, mahalliy ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan xomashyo importi uchun qulay sharoit yaratish yoki tayyor mahsulot importiga nisbatan tarif siyosatini optimallashtirish ishlab chiqaruvchining raqobatbardoshligiga ta’sir qilishi mumkin.
— Ro‘yxatdagi mahsulotlarning 2025-yilgi importi qariyb $748 mln. Bu raqamni O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun tayyor $748 mlnlik bozor sifatida ko‘rish mumkinmi?
— Yo‘q, bunday yondashuv to‘g‘ri bo‘lmaydi. Import hajmining kattaligi mahsulotga talab mavjudligini ko‘rsatadi, lekin butun shu summani avtomatik ravishda mahalliy ishlab chiqarish bilan almashtirish mumkin degani emas. Har bir mahsulot bo‘yicha ishlab chiqarish tannarxi, xomashyo va butlovchi qismlar, texnologiya, uskuna, logistika, ichki bozor hajmi hamda eksport imkoniyatlarini alohida hisoblash kerak. Shuning uchun mahalliylashtirish imkoniyati mahsulotdan mahsulotga farq qiladi.

Importning 65 foizini mahalliy ishlab chiqarish bilan qoplash mumkin
— Unda $748 mlnlik importning qancha qismini real ravishda O‘zbekistonda ishlab chiqarish mumkin?
— Qisqa muddatda umumiy importning taxminan 15 – 25 foizini yoki $110 – 180 mlnlik qismini mahalliylashtirish imkoniyati bor. Bu, avvalo, texnologik jihatdan nisbatan murakkab bo‘lmagan yig‘uv ishlari, CKD va SKD formatlari, oddiy metall va plastmassa korpuslar, qadoqlash hamda yordamchi qismlarga tegishli. O‘rta muddatli istiqbolda salohiyat 30 – 40 foiz yoki taxminan $220 – 300 mlnga yetishi mumkin. Buning uchun xorijiy investorlar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalarni transfer qilish va to‘liqroq ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirish zarur. Tikuv mashinalari yoki maishiy texnika komponentlari kabi yo‘nalishlarda shunday model ishlashi mumkin.
— Demak, barcha mahsulotlarni to‘liq mahalliylashtirish maqsad qilib qo‘yilmayaptimi?
— Ayrim murakkab mahsulotlarda bunga yaqin yillarda erishish qiyin. Masalan, litiy-ionli batareya hujayralari yoki yuqori aniqlikdagi kompressor motorlarini 100 foiz mahalliylashtirish katta texnologik va investitsion resurs talab qiladi. Bu yo‘nalishlarda dastlab ayrim butlovchi qismlarni ishlab chiqarish, keyin esa yakuniy yig‘uvni yo‘lga qo‘yish realroq strategiya bo‘ladi. Ya’ni mahalliylashtirishni faqat «tayyor mahsulotni boshidan oxirigacha O‘zbekistonda ishlab chiqarish» deb tushunmaslik kerak. Mahalliy qiymat zanjiridagi ulushni bosqichma-bosqich oshirish ham mahalliylashtirish hisoblanadi.
— Agar uzoqroq istiqbolni olsak, $748 mlnlik importning qancha qismini mahalliy ishlab chiqarish bilan almashtirish mumkin?
— Tegishli sharoit yaratilsa, uch-besh yil ichida hozirgi import hajmining 50 – 65 foizini mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qoplash real imkoniyat sifatida baholanadi. Pul ko‘rinishida bu taxminan $370 – 480 mlnlik mahsulot degani. Buning uchun faqat yangi zavodlar qurishning o‘zi yetmaydi. Uzoq muddatli strategik dasturlar, kafolatlangan xarid shartnomalari, xorijiy texnologik hamkorlar, investitsiyalar va mahalliy ta’minot zanjirlarini birgalikda rivojlantirish kerak. Shundagina import hajmining o‘zi statistik ko‘rsatkich bo‘lib qolmay, O‘zbekistonda yangi sanoat ishlab chiqarishlarini yaratish uchun real imkoniyatga aylanishi mumkin.