To‘lovga qobiliyatsizlik jarayonidagi tadbirkorlar uchun maxsus hisobvaraqlar ochiladi

To‘lovga qobiliyatsizlik jarayoniga tushgan tadbirkorlar uchun alohida maxsus hisobvaraqlar ochiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mablag‘lar maxsus hisobvaraqqa o‘tkaziladi
Agar tadbirkorga nisbatan sanatsiya, tashqi boshqaruv yoki tugatish tartib-taomili joriy etilsa, uning mablag‘larini boshqarish uchun bankda maxsus hisobvaraq ochiladi.
Shundan so‘ng tadbirkorning asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlari bo‘yicha chiqim operatsiyalari to‘xtatiladi.
Mazkur hisobvaraqlarda mavjud bo‘lgan, shuningdek, keyinchalik kelib tushadigan mablag‘lar maxsus hisobvaraqqa o‘tkaziladi.
Inkasso topshiriqnomalari ijrosiz qaytariladi
Asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlarga qo‘yilgan band to‘lov hujjatlari, jumladan inkasso topshiriqnomalari hamda band solish to‘g‘risidagi qarorlar ularni kiritgan tashkilot yoki organlarga ijrosiz qaytariladi.
Maxsus hisobvaraqdagi mablag‘lardan esa faqat mijozning yoki sud boshqaruvchisining to‘lov topshiriqnomasi asosida foydalanish mumkin bo‘ladi.
Mazkur mexanizm moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan yoki to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonidagi tadbirkorlarning mablag‘larini tartibli boshqarishga qaratilgan.
Fuqarolar barcha hisobvaraqlari haqida ma’lumot olishi mumkin
Yangi tartib bilan jismoniy shaxslar uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratildi.
Endi fuqaro istalgan bankka murojaat qilib, o‘zining barcha bank hisobvaraqlari haqidagi ma’lumotlarni olishi mumkin bo‘ladi.
Avval bunday ma’lumotni faqat asosiy hisobvaraq ochilgan bankdan olish mumkin edi.
Xorijga chiqish pasporti bilan ham hisobvaraq ochiladi
Shuningdek, bank hisobvaraqlarini ochishda xorijga chiqish biometrik pasportidan foydalanish imkoniyati ham joriy qilindi.
Bu o‘zgarishlar bank xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish va to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonidagi tadbirkorlarning moliyaviy operatsiyalarini alohida nazorat ostida yuritishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri ijtimoiy loyihalar uchun sun’iy intellekt infratuzilmasidan imtiyozli foydalanish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.