Oʻzbekistondagi qaysi banklardan kredit karta rasmiylashtirish mumkin

eʼlon qilindi ( yangilandi)
"Kursiv" olti bankdan ma’lumotlarni to‘pladi
Foto: ArturVerkhovetskiy / depositphotos.com

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda bank sohasi juda jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Buni mamlakatda banklar soni ortib borayotganidan ham ko‘rish mumkin, hozirgi kunda ularning soni 36 taga yetdi. Bu jarayon esa banklar oʻrtasida raqobatni keltirib chiqarayotgani tabiiy holatdir.

Bu safar «Kursiv» Oʻzbekistondagi qaysi banklar mijozlar uchun qulay shartlarda kredit karta ochayotganini oʻrganib chiqdi.

Infinbank

«Infinbank»da 50 mln soʻmgacha kredit rasmiylashtirish mumkin. Bank tomonidan taqdim qilingan foizsiz davr esa 50 kunni tashkil etadi. Yillik foiz stavkasi 23,99 foizdan hisoblanib, kredit limitining mavjudlik muddati 5 yil.

Agro bank

«Agro bank»da ham kredit limiti 50 mln soʻmgacha etib belgilangan. Imtiyozli davr berilmaydi. Yillik stavka esa 27,99 foizni tashkil qiladi. Kredit muddati 4 yil etib belgilangan. Shuningdek, kredit karta faqat oxirgi 6 oy ichida barqaror daromadga ega boʻlgan fuqarolarga beriladi.

ANORBANK

ANORBANK’da ham kredit limiti 50 mln soʻmgacha etib belgilangan. Bank tomonidan imtiyozli davr berilmaydi. Foiz stavkasi esa qolgan banklardan farqli oʻlaroq 0 foizni tashkil qiladi (chunki bu muddatli to‘lov kartasi). Muddatli toʻlov esa 2 yilgacha.

Asia Alliance Bank

«Asia Alliance Bank» kredit limiti boʻyicha eng yaxshi takliflarni berayotgan banklardan biri hisoblanadi. Mijozlar 100 mln.gacha kredit rasmiylashtirishlari mumkin. Imtiyozli davr esa 12 oyni tashkil qiladi. Foiz stavkalari muddatiga qarab, 27,99 foizdan 34 foizgacha bergilangan. Kredit muddati 5 yilni tashkil qiladi. Shuningdek, qarz oluvchining sof daromadi BHMning 6 barobaridan kam boʻlmasligi lozim.

SQB

Kredit limiti boʻyicha eng yaxshi takliflarni berayotgan banklardan yana biri SQB hisoblanadi. Mijozlar 100 mlngacha kredit rasmiylashtirishlari mumkin. Imtiyozli davr esa 40 kunni tashkil qiladi. Yillik foiz stavkasi 26,99 foizdir. Kredit muddati esa 5 yil etib belgilangan.

AVO

AVO bankining ham kredit limiti 50 mln soʻmgacha etib belgilangan. Imtiyozli davr esa 45 kunni tashkil qiladi. Yillik foiz stavkasi 47,9 foiz etib belgilangan.

Ma’lumot uchun, kredit karta bu — bankning kredit mablagʻlari hisobidan tovarlar va xizmatlar uchun naqdsiz toʻlashda ishlatilishi mumkin boʻlgan bank kartasidir.

Eslatma: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi. Keyinchalik kredit karta olish shartlari oʻzgarishi mumkin.

Batafsil ma’lumotlarni bank saytlaridan topish mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistondagi qaysi banklar tomonidan yuqori foizli omonatlar taklif qilinayotgani haqida maqola tayyorlagan edi.

Shuningdek