O‘zbekistonda joriy yilda 622 milliard so‘mlik energiya resurslari noqonuniy ishlatilgani aniqlandi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning shu davrigacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1 394 ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Ushbu holatlarda 118,8 mln metr kub tabiiy gaz va 197,1 mln kilovatt-soat elektr energiyasi noqonuniy ishlatilgan. Natijada davlat manfaatlariga jami 622,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Shuningdek, 2023 – 2025-yillarda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalaridagi nazorat tadbirlarida hajmi 457,8 mln metr kub (755,2 mlrd so‘m) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Hisoblarga ko‘ra, bu miqdor 91,4 ming xonadonning yillik iste’moliga teng.