Afg‘oniston va Pokiston kuchlari o‘rtasida 15-oktabr kuni yana jangovar to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Tolibon ma’lumotiga ko‘ra, Pokiston tomonidan uyushtirilgan hujum natijasida 12 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan, 100 dan ziyodi yaralangan.
Pokiston hukumati Afg‘oniston hududida joylashgan jangarilar Pokistonda hujumlar uyushtirayotganini aytmoqda. Afg‘oniston Toliboni esa bu ayblovlarni rad etib, Pokiston o‘z muammolariga bahona izlayapti, deya bayonot berdi.
Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston kuchlari hujumga javoban bir necha Pokiston harbiy postlarini egallagan va o‘nlab askarlarni yo‘q qilgan. Pokiston rasmiylari esa bu ma’lumotni tasdiqlamadi va o‘z hududida to‘rt nafar fuqaro yaralanganini bildirdi.