Uzbekistan Airways Boeing kompaniyasi bilan 14 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va yana 8 tasini opsion asosida olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Samolyotlar 2031-yildan boshlab yetkazib beriladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi avialaynerlar aviakompaniyaga uzoq masofali parvozlarni kengaytirish, jadvalni barqarorlashtirish va yo‘nalishlar geografiyasini oshirish imkonini beradi. Bu orqali Markaziy Osiyo Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo – Tinch okeani mintaqasi bilan yanada yaqinroq bog‘lanadi.
Uzbekistan Airways 2016-yildan beri Dreamliner samolyotlarini parvozlarda qo‘llab kelmoqda. Hozirda ular aviakompaniyaning qit’alar aro reyslarida asosiy o‘rin tutadi. Endi esa 787-9 modeli yo‘lovchi sig‘imini ko‘paytirib, parvoz masofasini kengaytiradi.