Dollarga nisbatan mustahkamlanayotgan O‘zbekiston so‘mi: qisqa muddatli yengillikmi yoki uzoq muddatli sinovmi

So‘nggi oylarda o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan mustahkamlanishi ko‘pchilikning diqqat markazida. Oddiy uy xo‘jaliklari uchun bu jarayon kamdan kam uchraydigan imkoniyat bo‘lib import qilinayotgan mahsulotlar, shu jumladan, oziq-ovqat va dori-darmonning narxlarini pasayishiga olib keladi.
2025-yilning iyun-avgust oylari mobaynida so‘mning dollarga nisbatan dinamikasida bir vaqtning o‘zida ham barqarorlashuv, ham sezilarli tebranishlar kuzatilmoqda. Ushbu davrida o‘rtacha valyuta kurs 12 550-12 600 so‘m atrofida shakllangan bo‘lib, bu milliy valyutaning nisbatan mustahkam rivojlanishini ko‘rsatadi.

Yuqoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, eng yuqori valyuta kurs 4-iyunda (12 857,35 so‘m) eng past kurs esa 26-avgustda (12 305,80 so‘m) qayd etilgan. Bir kundagi eng katta o‘zgarish -85,95 so‘m (23 iyun →24 iyun), eng kichik farq esa ayrim kunlarda deyarli sezilmas darajada, oralig‘ida kuzatilgan. Bir oy davomida o‘rtacha 8–12 kun kunlik o‘zgarish 50 so‘mdan ortiq bo‘lgani milliy valyutaning ma’lum darajada volatilligini namoyon etadi.
Davriy harakatlarga nazar tashlansa, iyun oyi oxirida valyuta kursning keskin pasayishi natijasida dollar 12,8 ming so‘mdan 12,4 ming so‘mga tushgan. Iyul oyida esa nisbatan barqarorlik kuzatilib, kurs asosan 12 600-12 700 so‘m oralig‘ida shakllangan. Avgust oyi oxirida milliy valyuta yanada mustahkamlanib, tahlil davridagi eng past ko‘rsatkich – 12 305,80 so‘m qayd etildi. Sentyabrning dastlabki kunlarida esa kurs yana 12 500 so‘m atrofida shakllanib, qisqa muddatli tebranishlar bilan birga umumiy mustahkamlanish tendensiyasini aks ettirgan.
Eksportchilar xavotirda, importchilar bu imkoniyatlardan foydalanmoqda
So‘nggi yillar statistikasiga ko‘ra, 2020–2024-yillar davomida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi izchil o‘sib borgan bo‘lsa-da, savdo balansining salbiy qoldig‘i saqlanib qolmoqda. Jumladan, 2024-yilda eksport hajmi 26,94 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, import 38,98 milliard dollarga yetib savdo balansining salbiy qoldig‘i 12,03 milliard dollarga yetgan. Bu holat O‘zbekistonning tashqi savdosida ijobiy o‘sish tendensiyasi bilan birga, importning ustunligini va savdo disbalansi muammosi saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kundagi O‘zbek so‘mining mustahkamlanishi eksport va import qiluvchilar faoliyatiga ta’sirini tahlil etadigan bo‘lsak. Avvalo, bu holat eksportchilarni xavotirga soldi. Chunki mustahkamlanayotgan so‘m ularning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini pasayishiga olib keladi. Misol uchun, bir tonna to‘qimachilik mahsuloti yoki sayyohlik xizmati raqobatchilarga qaraganda qimmatroq ko‘rinib, eksport hajmlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan holi emas.
Tasavvur qiling, eksport qiluvchi korxona mahsulot ishlab chiqarish uchun $100 ming sarflab, unga 20% foyda qo‘shib, uni $120 mingga chet elga sotadi. 4 iyun kuni 1 dollar 12 857,35 so‘m bo‘lganda, ishlab chiqarish xarajatlari 1,29 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘ladi. Agar eksport tushumi shu kursda qaytib kelganida, kompaniya 1,54 milliard so‘m daromad qilib, taxminan 250 million so‘m foyda oladi. Ammo 26-avgustga kelib, so‘m mustahkamlanib, 1 dollar 12 305,8 so‘mga tushadi. Shu sababli, $120 ming miqdoridagi eksport tushumi so‘mda 1,48 milliard so‘mni tashkil etadi va real foyda 190 million so‘mga tushadi. Natijada, valyuta kursining o‘zgarishi tufayli korxona taxminan 60 million so‘m foydadan mahrum bo‘ladi.
Biroq, bu holat odatda importchilarning xarajatlari kamaytirib, daromad imkoniyatlari oshiradi va shu orqali bayram kayfiyati ulashadi. Mashina-uskunalar va zamonaviy texnologiyalar ancha arzon narxlarda kirib keladi va bu o‘z navbatida modernizatsiyaga muhtoj sanoat tarmoqlari uchun katta qulaylik tug‘diradi. Bugun arzonroq sotib olinayotgan texnologiyalar ertangi raqobatbardoshlik poydevorini yaratadi.
Bu raqam shunchaki hisob-kitob emas, balki amalda tadbirkorning barqaror ishini xavf ostiga qo‘yadi. Chunki dollar tushumidan kutilgan foyda kursning keskin o‘zgarishi sabab yo‘qolib ketadi. Milliy valyuta mustahkamlanishi qisqa muddatda ijobiy ko‘rinsa ham, eksportchilar uchun xarajat va daromadni oldindan rejalashtirish imkoniyatini ancha qiyinlashtiradi.
Iste’molchilar uchun bu yengillik vaqtinchalikmi
Iste’molchilar hozircha yutmoqda: xorijiy valyutada hisoblanadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lov qiluvchilarning milliy valyutadagi xarajatlari kamaymoqda. Ammo bu jarayonning yashirin xavflari ham bor. Agar import haddan tashqari arzonlashsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa kichik va o‘rta korxonalar, tashqi raqobatga dosh berishda qiynaladi va ichki bozorda o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkin.
Siyosatchilar uchun ham vaziyat murakkab. Kuchli so‘m barqarorlik ramzi bo‘lib, investorlarni jalb qiladi, narxlarni nazorat qiladi. Shu bilan birga, u eksportni zaiflashtirib, iqtisodiyotni importga qaram qilib qo‘yishi ehtimoli ham bor.
Bundan tashqari, so‘mning kuchli tebranishi natijasida inflyatsiya qayta kuchayishi ham mumkin. Chunki importning ortishi ichki ishlab chiqaruvchilarni mahsulot ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga majbur etadi, bu esa taklifni kamaytirib, narxlarni oshiradi. Natijada, dastlab arzonlashgan mahsulotlar tez orada qimmatlashadi, aholining xarid qobiliyati pasayadi.
Shu bois, O‘zbekiston uchun tanlov kuchli yoki kuchsiz valyuta o‘rtasida emas. Asl masala, qisqa muddatli yengillik va uzoq muddatli raqobatbardoshlikni muvozanatini ta’minlashdi. Kuchliroq so‘mdan oqilona foydalanilsa, texnologiyalarni olib kirish va barqaror sanoat yaratish imkoniyati bor. Aks holda, u mamlakatning global bozordagi mavqeini zaiflashtirishi mumkin.
Kelgusidagi kutilmalar
O‘zbekiston so‘mining dollarga nisbatan mustahkamlanishi qisqa muddatda bir qator ijobiy samaralar berishi mumkin. Jumladan, narxlar barqarorlashadi, import arzonlashadi va inflyatsiya bosimi pasayadi. Ammo uzoq muddatda bu jarayon qanday oqibatlarga olib kelishi ko‘plab ichki va tashqi omillarga bog‘liq bo‘ladi.
Agar hukumat va Markaziy bank oqilona va strategik siyosat yuritsa, hozirgi mustahkam so‘m — iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni olib kirish va yangi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun noyob imkoniyatga aylanishi mumkin. Bunday sharoitda O‘zbekiston importga qaram bo‘lmagan, raqobatbardosh mahsulot va xizmatlari bilan jahon bozorida munosib o‘rin egallaydigan iqtisodiyotni shakllantirishi mumkin.
Biroq bu jarayonda ehtiyotkorlik talab etiladi. Agar so‘m haddan tashqari mustahkamlanib ketsa, bu eksportchilarning daromadini qisqartiradi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozordagi raqobatdoshligini tushiradi. Natijada, bu holat uzoq muddatda iqtisodiy o‘sish sur’atlari sekinlashishiga olib kelishi mumkin.