Nega O‘zbekiston va Qozog‘iston G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif etildi: kengashning kelajagi bormi?

Davos shahrida G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi nizomi tasdiqlandi. Hujjatni O‘zbekiston va Qozog‘istonni ham o‘z ichiga olgan 18 davlat vakillari imzoladi. Yangi tuzilmaning istiqbollari va Markaziy Osiyo davlatlarining unda ishtirok etish sabablari haqida RFA JIMXI (RAN IMEMO) Markaziy Osiyo sektori mudiri Stanislav Pritchinning izohida so‘z yuritiladi.
G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi amaliy natijalarga erisha olishi ehtimoli boshidanoq nihoyatda past ko‘rinadi. Mohiyatiga ko‘ra, Kengash to‘laqonli xalqaro tashabbusdan ko‘ra, Donald Trampning shaxsiy siyosiy loyihasini ko‘proq eslatadi.
Tramp AQSh prezidenti hisoblanadi va Yaqin Sharq mojarosining hozirgi konfiguratsiyasida u obyektiv ravishda, avvalo, Isroil manfaatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Falastin masalasini tartibga solish bo‘yicha avvalgi amaliyotlar bilan ham tasdiqlanadi. O‘tmishda ilgari surilgan ko‘plab tashabbuslar barqaror natija bermagan va aksariyat hollarda aynan Isroilparast pozitsiyani himoya qilgan. Yangi tuzilma muvozanatni tubdan o‘zgartiradi yoki samarali tartibga solish vositasiga aylanadi, deb kutish kamida sodda qarash bo‘ladi.
Kengashning institutsional tuzilishi ham qo‘shimcha shubhalarni keltirib chiqaradi. Uning nizomi ko‘p jihatdan tashkilotni amalda Trampning shaxsiy nazorati ostida bo‘lishi uchun shakllantirilgan. Aynan rais kimni tarkibga kiritish, kimni kiritmaslik va kimni chiqarib tashlashni belgilaydi.
Bundan tashqari, qarorlar qabul qilish mexanizmlari, shuningdek, bir milliard dollar miqdoridagi a’zolik badalini to‘lash tartibi masalalarida ham noaniqlik saqlanib qolmoqda. Ushbu mablag‘larni kim boshqarishi, qaysi vositalar orqali va qanday nazorat mexanizmlari doirasida ishlatilishi aniq emas. Jiddiy xalqaro tashkilotlar standartlari nuqtayi nazaridan bunday konstruktsiya ochiqchasiga jiddiy emas ko‘rinadi va tashabbusning Trampning obro‘si hamda siyosiy ambitsiyalariga yo‘naltirilgan shaxsiy xarakterini yana bir bor ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, nega Kengashga Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari emas, aynan O‘zbekiston va Qozog‘iston taklif etilgani masalasi ham alohida izoh talab qiladi. Bu qisman obyektiv omillar bilan tushuntiriladi. Ular iqtisodiy, siyosiy va demografik jihatdan mintaqaning eng yirik davlatlaridir. Biroq bundan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega yana bir omil bor. Bu ularning AQSh bilan munosabatlardagi yuqori darajadagi moslashuvchanligi va deyarli barcha Amerika tashabbuslarida ishtirok etishga tayyorligidir.
Bu tayyorlik avval ham, jumladan, Vashingtondagi sammit doirasida namoyon bo‘lgan. Gap Amerika kompaniyalari uchun ochiqlik, tabiiy resurslardan foydalanish imkoniyati, shuningdek, AQSh mahsulotlarini katta hajmlarda xarid qilish haqida ketmoqda. Aynan shunday xatti-harakatni AQSh prezidenti kutadi. U AQSh va amerikalik soliq to‘lovchilari uchun bevosita iqtisodiy foydaga yo‘naltirilgan. Shu ma’noda O‘zbekiston va Qozog‘iston Trampning pragmatik iqtisodiy mantiqiga eng samarali tarzda moslasha oladigan hamkorlar sifatida qabul qilinadi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, Kengash ishida qatnashish uchun jami 50 ga yaqin davlat taklif etilgan. Ular orasida Rossiya Federatsiyasi ham bor. Biroq Moskva hozircha qo‘shilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilgani yo‘q. Samaradorligi jiddiy shubha uyg‘otayotgan ushbu tashkilotda ishtirok etishning maqsadga muvofiqligi o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan aloqalar ham olib borilgan.
Alohida masala a’zolik badalini to‘lash bilan bog‘liq. Rossiya tomoni buning uchun muzlatilgan mablag‘lardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu holat tashabbusning ikkiyoqlama xarakterini yana bir bor ta’kidlaydi.
Hozircha yirik xalqaro o‘yinchilarning hech biri ishtirok etishga aniq rozilik bergan emas. Sababi oddiy. G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashining samaradorligi, shaffofligi va haqiqiy maqsadlariga nisbatan savollar juda ko‘p. Hozirgi ko‘rinishida bu tuzilma mojaroni tartibga solish mexanizmidan ko‘ra, Donald Tramp shaxsiga qattiq bog‘langan, uzoq muddatli institutsional barqarorlikdan mahrum shaxsiy siyosiy tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda.