O‘zbekiston o‘n yillikning eng yirik logistika inqilobiga tayyormi

O‘zbekiston yetkazib berish bozori «B2B» va «B2C» yo‘nalishlari yagona gibrid logistika modeliga birlashadigan bosqichga qadam qo‘ymoqda. Bu tarmoq qoidalarini butunlay o‘zgartiradi
Relog marketing bo‘limi direktori

O‘zbekiston so‘nggi o‘n yil ichidagi eng yirik logistika o‘zgarishlari ostonasida turibdi. Relog tadqiqotiga ko‘ra, yaqin ikki yil logistika bozorida tezlashgan konsolidatsiya, raqamlashtirish va gibrid yetkazib berish modellariga o‘tish davri bo‘ladi. Bu jarayonda B2B va B2C kanallari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qoladi.

2026-yilga kelib, tezkorlik, SLA intizomi, ESG talablari va marshrutlarni algoritmik rejalashtirish raqobat ustunligi emas, balki bozor uchun majburiy standartga aylanadi.

Konsolidatsiya — bozorning asosiy drayveri

Yirik 3PL-operatorlari, professional avtoparklar va kontrakt logistikasining roli ortib bormoqda.

Autsorsing orqali yetkazib berish ulushi ko‘paymoqda, mayda tashuvchilar esa bozordan ketmoqda yoki yirikroq tuzilmalarga qo‘shilmoqda.

O‘zbekiston jahon chakana savdo iqtisodiyotlari yo‘lidan bormoqda: savdo tarmoqlari endi o‘z avtoparkiga egalik qilishga intilmayapti, ular boshqariladigan servis, SLA va oldindan prognoz qilinadigan natijalarni xohlamoqda.

2026-yilga kelib, «logist + rityeyler» formatidagi qo‘shma korxonalar soni oshishi, shuningdek, miqyosni kengaytirish maqsadida o‘rta distribyutorlarning birlashuvi ehtimoldan xoli emas.

Raqamli muvofiqlashtiruvchi tizimlari majburiy normaga aylanadi

Kompaniyalarga ombordan tortib oxirgi kilometrgacha bo‘lgan butun jarayonni nazorat qiluvchi yagona platforma zarur bo‘ladi.

Yirik o‘yinchilar allaqachon o‘z IT-yadrolarini yaratmoqda, startaplar esa xususiy yuk tashuvchilar uchun agregator-servislar ishlab chiqyapti.

2027-yilga kelib, bunday tizimning yo‘qligi yirik savdo tarmoqlari va marketpleyslarga kirish imkoniyatining yo‘qolishini anglatadi. Ular shaffoflik, nazorat, onlayn trekking va integratsiyani talab qilmoqda.

Bozor uchun kurash — bu tariflar emas, servis uchun kurashdir

So‘nggi kilometr logistika bosqichiga o‘tmoqda, bu yerda narxdan ko‘ra tezkorlik va bajarish sifati ustunlik qiladi.

SLA, barqarorlik va avtoparkni tezkor kengaytirish imkoniyati asosiy omillarga aylanmoqda.

Bozor samaradorlik, ESG standartlari, cold-chain (sovuqlik zanjiri) ishonchliligi, haydovchilar sharoitini yaxshilash va marshrutlarni raqamli rejalashtirish bo‘yicha musobaqaga kirmoqda.

Bugun ushbu yo‘nalishlarga sarmoya kiritganlar, ikki-uch yil oldinga mo‘ljallangan ustunlikka ega bo‘ladilar.

ESG — yetkazib berishning yangi majburiy standarti

O‘zbekiston logistikada ekologik yechimlarni joriy etish sari harakatlanmoqda:

— gazda ishlovchi texnikadan foydalanish va elektr transportiga o‘tish;

— energiya tejamkor sovitish uskunalari;

— chiqindilarni kamaytirish uchun marshrutlarni optimallashtirish;

— ehtimoliy davlat subsidiyalari va imtiyozlar orqali qo‘llab-quvvatlash.

Xalqaro brendlar o‘lchanadigan uglerod izini talab qiladi va kompaniyalar yaqin istiqbolda CO₂ ko‘rsatkichlarini hisoblashni boshlaydilar.

O‘zbekiston – mintaqaning tranzit-logistika markazi

«Yevropa – Kavkaz – Osiyo» koridorlarida ishtirok etish, «O‘rta yo‘lak»dan foydalanish hamda sharqiy va g‘arbiy chegaralarda xablarni rivojlantirish ombor va 3PL-operatorlari uchun yangi hajmlarni ochadi.

Tranzitning ortishi kontrakt logistikasi, vaqtincha saqlash xizmatlari, import oqimlarini saralash va ularni mamlakat bo‘ylab taqsimlash xizmatlarining o‘sishini anglatadi.

Omnikanal yondashuv: «B2B» va «B2C» o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolmoqda

Endilikda bitta avtomobil ertalab do‘konlarga, kunduzi esa uylarga buyurtma tarqatishi mumkin bo‘ladi. Marketpleyslar ulgurji savdoga kirib bormoqda, savdo tarmoqlari onlayn savdoni rivojlantirmoqda, «B2C» servislari esa savdo distributsiyasiga kirmoqda.

Ushbu gibrid model rejalashtirishning universal tizimlarini, modulli avtoparklarni, mikro-omborlarni va ta’minot zanjirlarining moslashuvchanligini talab qiladi.

Akmaljon Aslanov, Safia Café & Bakery, Supply Chain Management direktori:

«O‘zbekiston FMCG yetkazib berish bozori faol transformatsiya davriga kirmoqda. 2026-yildan boshlab yuk transportining kirishiga ekologik cheklovlar joriy etiladi – kompaniyalar kichik tonnali texnikaga o‘tishadi. Ijara narxining o‘sishi riteylni ombor zaxiralarini kamaytirishga undaydi, bu esa o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berishga bo‘lgan talablarni oshiradi.

Yaqin yillarda SLA intizomining kuchayishi, «O‘rta yo‘lak»ning rivojlanishi va diniy bayramlar vaqtida talabning o‘sishi kutilmoqda. Kelajak – texnologiklik, sovuqlik zanjiri, moslashuvchanlik va qisqa muddatli savdo o‘sishlariga bardosh berish qobiliyatidadir».

Xulosa

O‘zbekistonda so‘nggi kilometr logistika bozori jadal texnologik sakrash bosqichiga kirmoqda. 2026-yilga kelib quyidagi yo‘nalishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi:

— operatorlar konsolidatsiyasi va 3PL o‘sishi

— to‘liq siklli raqamli platformalar

— omnikanal logistika (B2B↔B2C)

— ESG talablari va uglerod chiqindilarini hisobga olish

— SLA – qo‘shimcha afzallik emas, balki asos

Jarayonlarni allaqachon hozirdanoq qayta qurib, tez, moslashuvchan va uzluksiz ishlashni o‘rgangan kompaniyalar g‘olib bo‘ladi.

Mavzu bo'yicha materiallar