O‘zbekistonda daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi: undan qanday foydalanish mumkin

O‘zbekiston investitsiya kompaniyalari xususiy investorlar uchun yangi vosita – shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini (ShIH) ishga tushirilganini e’lon qildi. Freedom Broker eksperti ushbu vosita qanday ishlashini va investor qanday qilib soliq imtiyozidan foydalanishi, ya’ni 12%gacha JShDSni «qutqarishi» mumkinligini batafsil tushuntiradi.
ShIH nima va uning asosiy afzalligi nimada
Shaxsiy investitsiya hisobvaraqlari uzoq vaqtdan beri jahon amaliyotida – qo‘shni mamlakatlarda ham, uzoq xorijda ham qo‘llanilib kelinmoqda. Bu brokerlik hisobvarag‘ining maxsus turi bo‘lib, xususiy investorlarning faolligini rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan. Uning asosiy afzalligi – 12% miqdorida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan (JShDS) ozod qilish ko‘rinishidagi soliq imtiyozi.
ShIH shunchaki daromadni oshirish vositasi emas, balki foydali moliyaviy odatni shakllantirish usuli. Ish haqining bir qismini muntazam ravishda o‘tkazish shaxsiy maqsadlarga erishish uchun mablag‘larni samarali to‘plash imkonini beradi – katta xariddan tortib, bolalar ta’limini moliyalashtirishgacha.
Nima uchun ShIH investor uchun foydali
Freedom Broker ekspertlari ShIHning ayniqsa jozibador vosita ekanligining bir nechta asosiy sabablarini ta’kidlaydi:
Soliqlar hisobiga daromadni ko‘paytirish
Investor ish haqi yoki boshqa daromadlarning bir qismini ShIHga o‘tkazishda 12% miqdorida JShDSdan ozod etilishi hisobiga investitsiya foydasining to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘sishiga ega bo‘ladi. Imtiyoz tatbiq etiladigan maksimal summa – yiliga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) 100 baravari, bu yiliga 15 252 000 so‘mgacha tejash imkonini beradi.
Soliq imtiyozlari quyidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asoslanadi:
— O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, 378-modda, 23-band;
— 2015-yil 3-iyundagi 387-son O‘RQ;
— 2022-yil 17-yanvardagi PQ-90-son qaror.
39% gacha daromad
Asosiy stavkaning pasayishi va depozitlar daromadliligining pasayishi sharoitida (Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra – jismoniy shaxslar uchun 20,7 foizgacha) ShIH orqali olingan obligatsiyalar bir yilgacha muddatda yiliga 39 foizgacha foyda keltiradi.
ShIH korporativ vosita sifatida
ShIH korporativ ijtimoiy paketning samarali qismiga aylanishi mumkin. Biznes uchun bu xodimlarning motivatsiyasi va sodiqligini oshirish imkoniyatidir:
- Mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini oshirmasdan qo‘shimcha imtiyoz berish. Xodimlar soliqdan foyda ko‘radi, kompaniya esa ish haqi jamg‘armasini oshirmasdan ularning real daromadini oshiradi.
- Moliyaviy savodxonlikning o‘sishi. Dastur xodimlarda uzoq muddatli investitsiya qilish va moliyaviy barqarorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.
Shu bilan birga, ShIHga mablag‘ o‘tkazish tartibi bo‘yicha buxgalteriyada savollar paydo bo‘lishi mumkin. Bu borada amaliy yo‘riqnomalar va zarur ko‘rsatmalarni fond birjasi a’zolaridan (brokerlardan) olish mumkin.
ShIHni ochish shartlari
Asosiy talablar:
- ShIH 18 yoshdan oshgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ochiladi.
- Yillik maksimal summa — 100 MHTEKM, oyiga — 20 MHTEKMgacha.
- Mablag‘larni 12 oy o‘tmasdan yechib olish soliqlarni to‘lashga olib keladi.
- Bitta investor faqat bitta ShIHga ega bo‘lishi mumkin (brokerlik hisobi bilan birga).
Hisobvaraq ochish uchun o‘zingiz tanlagan brokerga murojaat qilib, maslahat olishingiz kifoya.
Fond bozori uchun yangi turtki
ShIHning ishga tushirilishi xususiy investitsiyalar uchun yangi sahifa ochadi: bu vosita bir vaqtning o‘zida ham kapitalni oshirishga, ham soliq yukini kamaytirishga yordam beradi — ayniqsa muqobil investitsiya vositalari rentabelligi pasayayotgan paytda.