«Pulni bankda saqlash uyda saqlashdan xavfsizroq va foydaliroq»
18-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, davlat tomonidan har bir bankdagi 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlar kafolatlanadi. Ushbu yangilik omonatchilar uchun nimani anglatishini Octobank boshqaruvchi direktori — chakana blokining boshqaruvchi direktori Rustam Rafiqov izohladi.
Yangi qonun nimani kafolatlaydi:
— Qonun kuchga kirganidan keyin ochilgan barcha yangi omonatlar har bir bankda 200 million so‘mgacha davlat tomonidan kafolatlanadi.
— Ilgari ochilgan omonatlar summasidan qat’i nazar to‘liq himoyalanadi.
— Agar siz turli banklarda bir nechta omonatlarga ega bo‘lsangiz, har bir bankdagi omonat alohida kafolatlanadi.
— Kafolatlar nafaqat jismoniy shaxslarga, balki tadbirkorlarga (shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarga) ham taalluqlidir.
Nima uchun 200 mln so‘mlik limit joriy etildi
«Dunyo bo‘ylab davlatlar ma’lum miqdordagi omonatlarni kafolatlash amaliyotini qo‘llaydi. Bu mijozlarni himoya qilib, moliyaviy tizimni barqarorlashtiradi. Agar cheklanmagan omonatlar kafolatlanganida, inqirozli vaziyatlarda bu budjetga katta yuk bo‘lishi mumkin. 200 mln so‘mlik limit optimal bo‘lib, ko‘pchilik omonatchilar summasini qamrab oladi va mablag‘larni tezroq qaytarishga imkon beradi», — dedi Rafiqov.
Agar omonat 200 mln so‘mdan oshsa
Bankda istalgan miqdordagi mablag‘ni saqlash mumkin. Limit faqat bank tugatilgan hollardagina qo‘llaniladi. Hatto summa kattaroq bo‘lsa ham, oddiy sharoitlarda bank mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etadi.
«Pulni bankda saqlash uyda saqlashdan ko‘ra xavfsizroq va foydaliroq. Agar mablag‘ 200 mlndan oshsa ham, bank omonatchi oldidagi javobgarligini saqlab qoladi», — dedi mutaxassis.
Endi kompensatsiyalar tezroq to‘lanadi
Ilgari bank yopilganda omonatchilar to‘lovni 83 kungacha kutishlari mumkin edi. Endilikda bu muddat qisqartirildi:
- Qonun kuchga kirgan kundan boshlab 20 ish kuni ichida;
- 2026-yildan 15 kun;
- 2027-yildan 7 kun.
Nima uchun pulni bankda saqlash yaxshiroq
Rustam Rafiqov uyda naqd pul saqlashga qaraganda omonatlarda qo‘yishning bir qator afzalliklarini keltirib o‘tdi:
Inflyatsiyadan himoya. Uyda saqlanayotgan naqd pullar inflyatsiya tufayli asta-sekin xarid qobiliyatini yo‘qotadi. Depozit esa mablag‘larni qadrsizlanishdan saqlaydi, chunki foiz stavkasi ko‘pincha inflyatsiya yo‘qotishlarini qoplaydi.
Xavfsizlik. Uydagi naqd pullar o‘g‘irlik, yong‘in va boshqa xavflarga duchor bo‘lishi mumkin. Omonatlar esa bunday xavflardan himoyalangan va sud tartib-qoidalari orqali qaytarilishi mumkin.
Qulaylik va moslashuvchanlik. Zamonaviy texnologiyalar mobil ilova va internet-banking orqali omonatlarni masofadan boshqarish imkonini beradi. Banklar istalgan vaqtda mablag‘larni to‘ldirish va yechib olish imkoniyati bilan omonatlar va jamg‘arma hisobvaraqlarini taklif etadi.
Qo‘shimcha kafolatlar. Davlat sug‘urtasidan tashqari, banklar o‘zlarining himoya choralarini taklif qiladi: mustaqil auditdan o‘tadi, majburiyatlarni qoplash uchun kapitalga ega bo‘ladi va xalqaro agentliklarning reytingini oladi.
Rafiqovning fikricha, yangi qonun O‘zbekistonda omonatlar tizimini yanada ishonchli va barqaror qiladi. Bundan tashqari, sug‘urta miqdori chegarasi odamlarni o‘z jamg‘armalarini turli banklar o‘rtasida taqsimlashga undaydi, bu esa xatarlarni kamaytiradi. Banklar esa yirik omonatchilarni jalb qilish va saqlab qolish uchun obro‘-e’tibor hamda moliyaviy barqarorlikni yaxshilashdan manfaatdor bo‘ladi.