Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslarning faqat 4 foizdan kamrogʻi bandlik darajasiga ega
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 755 mingdan ortiq imkoniyati cheklangan insonlar istiqomat qiladi. Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) maʼlumotlariga koʻra, ular orasidagi bandlik darajasi atigi 3,7 foizni tashkil qiladi.
Oʻzbekistondagi nogironligi boʻlgan shaxslarning qariyb 34 foizi asosan sanoatda mehnat qiladi. 15,4 foizi taʼlim, 11,7 foizi sogʻliqni saqlash sohasida faoliyat yuritadi.
MHTI mutaxassislari ushbu aholi guruhidagi 161 kishi bilan soʻrov oʻtkazdi. Maʼlum boʻlishicha, ularning yarmidan koʻpi nogiron boʻlganidan keyin ishdan ketishga majbur boʻlgan.
«Tahlil va soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligi pastligining asosiy sababi ish oʻrinlari va yaxshi sharoitlarning yoʻqligidir», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlari va imtiyozlar mavjudligi toʻgʻrisida xabardor qilish tizimidagi kamchiliklar, aholining ushbu guruhida talabga javob beradigan mehnat koʻnikmalari yoʻqligi qayd etilgan.
«Kursiv» 2020-yilda Oliy Majlis Senati «Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilgani haqida xabar bergan edi.