2025-yil 6-fevral kuni Kanadaning Monreal shahrida boʻlib oʻtadigan professional boks oqshomida Bahodir Jalolov oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazadi. Bu haqda Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi xabar berdi.
Jalolovga fransiyalik Devid Spilmont raqiblik qiladi. U Artur Biyarslanov va Mohamed Mimun oʻrtasidagi markaziy jangning anderkardida ringga chiqadi.
Jalolovning oʻzi jang haqida quyidagicha fikr bildirdi.
«Professional faoliyatimning keyingi bosqichida ekanimdan juda xursandman. 2024-yilgi Olimpiya oʻyinlarida Vatanim sharafini himoya qilgan boʻlsam, 2025-yilda superogʻir vazn toifasida jahon chempioni boʻlishni rejalashtirganman. Men uchun bu bosqich 6-fevral kuni Monrealdan boshlanadi».
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov professional boksdagi faoliyati davomida hozirga qadar 14 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba qozongan. Soʻnggi jangini 2023-yil 17-noyabr kuni Toshkentda JAR vakili Kris Tompsonga qarshi oʻtkazib, ilk raunddayoq nokaut orqali zafar quchgandi.
Uning boʻlajak raqibi Devid Spilmont esa shu kungacha 25 ta jang oʻtkazib, 16 gʻalaba, 8 magʻlubiyat va 1 ta durang qayd etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bektemir Meliqoʻziyev ochkolar boʻyicha gʻalaba qozongani haqida xabar bergan edi