BYD Xitoyda o‘zining yangi flagmani Han L sedanini taqdim etdi, bu model BMW 5 Series va Mercedes-Benz E-Class kabi Yevropa premium avtomobillari uchun raqobatchi sifatida baholanmoqda. Taxminan $41 minglik boshlang‘ich narx va yuqori texnik imkoniyatlari bilan Han L o‘z sinfida yangi mezonlarni belgilaydi. Bu haqida Autohome nashri ma’lum qildi.
Han L ikkita variantda taqdim etilgan: sof elektr va gibrid. Elektr modelining asosiy versiyasi orqa aksga o‘rnatilgan 680 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan, yuqori darajadagi versiyada esa umumiy quvvati 1101 ot kuchiga ega ikkita dvigatel mavjud bo‘lib, u 100 km/soat tezlikka atigi 2,7 soniyada yetadi. Gibrid modeli esa 156 ot kuchiga ega 1,5 litrli benzinli dvigatel va 272 ot kuchiga ega elektr motor bilan jihozlangan. U sof elektr rejimida 145 yoki 170 km masofani bosib o‘ta oladi va 100 km/soat tezlikka 3,9 soniyada tezlashadi.
Salonga kelsak, ichki qismida elektr sozlanadigan old o‘rindiqlar, isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalari, o‘rnatilgan muzlatgich, xushbo‘y hidli konditsioner tizimi va tabiiy yog‘och bezaklar mavjud. Bundan tashqari, Dynaudio akustikasi, smartfonlar uchun simsiz quvvatlanish, hamda aqlli haydash tizimi bilan jihozlangan.
Avtomobilning o‘lchamlari 5050 x 1960 x 1505 mm, g‘ildirak bazasi esa 2970 mm bo‘lib, 19 dyuymli g‘ildiraklar va qizil kaliperlar bilan mustahkamlangan tormoz tizimiga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Seagull: Eng ko‘p sotilgan elektromobilning yangi versiyasi taqdim etilgani haqida xabar bergan edi. Shuningdek, O‘zbekistondagi qaysi banklar avtokreditlar va qanday stavkalarda taqdim etilishini ma’lum qildik.