Oʻzbekistonga xorijlik mutaxassisni qanday jalb qilish mumkin
Moliya sektori va boshqaruv konsalting sohasidagi mustaqil ekspert Rustam Muhametshin xorijlik malakali ishchilar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qanday foyda keltirishi va ularni mamlakatga qanday jalb qilish mumkinligi haqida soʻzlab berdi.
Muammo nimada
Oʻzbekistonda konsalting sohasini rivojlantirish uchun mutaxassislarni jalb qilish tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, bu oson ish emas. Asosiy qiyinchilik aksariyat mahalliy kompaniyalar yuqori xarajatlarni koʻtarishga tayyor emasligida.
Real keysni aytib beraman. Davlat miqyosidagi yirik kompaniya rahbariyati katta boshqaruv tajribasiga ega boʻlgan, shu jumladan, xalqaro kompaniyalarda ishlagan mutaxassisga ichki auditga rahbarlik qilish taklifi bilan murojaat qildi. Taklif qilingan oylik kompensatsiya miqdori maksimal $4 mingni tashkil etdi. Tabiiyki, suhbat davom etmadi, chunki uning hozirgi lavozimi va kompetensiya darajasi kamida ikki baravar yuqori maoshni talab qiladi. Bundan tashqari, boshqa mamlakatga koʻchib oʻtish bilan bogʻliq holda ish joyini oʻzgartirish uchun yetarli motivatsiya mavjud emas edi.
Oʻzbekistondagi yirik kompaniyalarga mutaxassislarni jalb qilayotgan rekruterlar bilan suhbatlar mahalliy ish beruvchilarning raqobatbardosh ish haqi darajasini taklif qilishga tayyor emasligini tasdiqlaydi.
Mahalliy kompaniyalarni rivojlantirish uchun xorijiy ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq keyslar kam va ular koʻpincha milliy iqtisodiyotning asosini tashkil etmaydigan moliyaviy texnologiyalar yoki savdo sohasidagi yirik xususiy tashkilotlardir.
Nima uchun bizga xorijlik mutaxassislar kerak
Mamlakatda xalqaro standartlarni biladigan va har qanday sohada bozor amaliyotlarida yetakchi boʻlgan iqtidorli mahalliy mutaxassislar bor, lekin ular sanoqli va yaxshi ishga ega. Oʻzbekistonda investitsiya va kapitalni jalb qilish boʻyicha mutaxassislar deyarli yoʻq.
Muammoni mahalliy malakali kadrlarning emigratsiyasi kuchaytirmoqda. Shuning uchun tashqi inyeksiyalarsiz iloji yoʻq.
Aynan xorijiy ekspertlarni jalb qilish turli darajadagi lavozimlarda malakali kadrlar yetishmasligi muammosini hal qiladi. Chetdan kelgan xodimning asosiy roli nafaqat unga ishonib topshirilgan funksiyaning samaradorligini oshirishda, balki mahalliy hamkasblarga amaliy tajribani uzatishda ham namoyon boʻladi.
Mutaxassis bir necha yillik faoliyati davomida oʻnlab xodimlarni oʻqitishga qodir boʻlib, ular karyerasida oʻsadi, kamida bir marta ishini oʻzgartiradi va oʻz tajribasini yangi kompaniyaga tatbiq etadi. Uning xizmatlari uchun sarflangan mablagʻlar bir necha baravar oʻzini oqlaydi, ammo buni har qanday rahbariyat ham tushunavermaydi. Bundan yana bir qiyinchilik kelib chiqadi, ya’ni mamlakatda kadrlar tanqisligi sharoitida yuqori xarajatlarning maqsadga muvofiqligini rahbariyatga yetkazish.
Xorijiy ekspertlarni yollash yana shuning uchun ham foydaliki, bu jarayon innovatsion texnologiyalar va ish usullarini joriy etishga yordam beradi.
Texnologik qoloqlikni kamaytirish uchun texnologiyalarni olib kirish kerak, hozir ham shunday boʻlmoqda. Kadrlar malakasi darajasidagi qoloqlikni kamaytirish uchun ham xuddi shunday qilish – boshqa mamlakatlardan mutaxassislarni taklif etish kerak.
Masalan, Xitoyni olaylik. Xitoyliklar oʻzlarining avtomobil sanoatini qurayotganda, avvaliga texnologiyalarni sotib olishdi, lekin keyinchalik malaka orttirish yaxshiroq degan xulosaga kelishdi. Shundan soʻng avtomobilsozlik sanoati gurkurab oʻsdi. Bu davlatning keng koʻlamli investitsiyalari bilan bogʻliq deyish mumkin, ammo men bunga qoʻshilmayman. Malakasiz investitsiyalardan toʻgʻri foydalanib boʻlmaydi.
Xorijiy kadrlar – vaqtinchalik, sababi ular ertami-kechmi uyiga ketishadi va oʻnlab oʻqitilgan mahalliy kadrlarni qoldirishadi. Keyin zanjirli reaksiya hosil boʻladi, bu esa barcha tashkilotlarda mahalliy malakalarning oʻsishiga ta’sir qiladi.
Nima qilish kerak
Yirik mahalliy kompaniyalarga yetakchi bozor tajribasini olib keladigan moliyaviy vazifalar, audit, xavf-xatarlarni boshqarish kabi rahbarlik lavozimlariga xorijiy mutaxassislarni jalb etish foydalidir.
Ularning qoʻl ostidagi xodimlarni oʻqitish muddati uch yildan besh yilgacha boʻladi, shundan soʻng ushbu mutaxassislar qolgan xodimlarni oʻqitadi. Bu mahalliy malakali kadrlar oʻrtasida raqobatni kuchaytiradi, bu esa mehnat sifatining oshishiga ham, korxonaning muvaffaqiyatiga ham ta’sir qiladi. Bu esa biz tushunganimizdek, mamlakat yalpi ichki mahsulotining oʻsishidir.
Oʻzbekistondagi hozirgi vaziyatda, xorijiy mutaxassislar bir nechta kompaniyalarda toʻplangan bir paytda, zanjirli reaksiya effektini yaratish juda qiyin, bu kutilganidan koʻproq vaqt talab qiladi.
Agar postsovet mamlakatlaridagi eng yaqin qoʻshnilar tajribasiga murojaat qilsak, jarayon 10 – 20 yil davom etdi. Oʻzbekistonda bu uzoqroq muddatga choʻzilib ketishi mumkin.
Mening nazarimda, allaqachon amalga oshirilayotgan tashabbuslarga qoʻshimcha ravishda davlat mamlakatning eng iqtidorli shaxslarini jalb qilish va saqlab qolish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishi lozim.
Shuningdek, mahalliy bozorga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish kerak. Albatta, ular oʻz mutaxassislarini olib keladi, ular mahalliy kadrlar bilan ishlaydi va shu tariqa eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni joriy etadi.