
Shveysariya soatlari eksporti fevral oyida Xitoy va AQShda talabning sustligi tufayli 8,2 foizga qisqardi. Xususan, o‘rta narxdagi soatlar (500 dan 3000 frankgacha) 15,4 foizga, hashamatli segment (3000 frankdan yuqori) esa 7,3 foizga pasaygan. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qilgan.
Shveysariya soat sanoati pandemiyadan keyingi yuqori darajadagi talabdan so‘ng sustlashuvni boshdan kechirmoqda. Richemont, Swatch Group va LVMH kabi yirik brendlar ham, mustaqil ishlab chiqaruvchilar – Rolex, Audemars Piguet va Patek Philippe ham og‘ir sharoitlarga duch kelmoqda. O‘tgan yilda eksport hajmi 3 foizga qisqargan bo‘lsa, fevralda AQSh bozorida ham 6,7 foizlik pasayish qayd etildi.
RBC tahlilchisi Piral Dadhaniya bu holat AQShda hashamatli mahsulotlarga bo‘lgan talabning kamayishi borasidagi investor xavotirlarini kuchaytirishi mumkinligini ta’kidladi. Iste’molchilar ishonchi pasayib borayotgani esa Donald Trampning siyosati atrofidagi noaniqlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shveysariya elchisi soxta ish taklif qilish boʻyicha ogohlantirish bilan chiqqani haqida xabar bergan edi.