
2025-yil 20-iyundan boshlab, Yevropa Ittifoqida sotiladigan Galaxy smartfonlari va planshetlari EPREL yorlig‘i bilan chiqadi. Bu haqda Sammobile nashri ma’lum qildi.
Bu belgida qurilma batareya quvvati, chidamliligi va ta’mirlanish darajasi ko‘rsatiladi. Batareya 800 ta zaryadlash siklidan so‘ng kamida 80% quvvatni ushlab turishi shart.
Yangi tartibga ko‘ra, qurilmalar chang va suvdan himoyalangan, tasodifiy tushishlarga bardoshli bo‘lishi kerak. Ta’mirlash ehtiyot qismlari yetti yil davomida mavjud bo‘lishi kerak. Dasturiy ta’minot yangilanishlari esa kamida besh yil davomida taqdim etilishi kerak.
Samsung bu qoidalarga moslashish uchun batareya texnologiyasini yaxshilash ustida ishlaydi. Kompaniyaning hatto budjet qurilmalari ham 6 ta asosiy Android yangilanishini oladi. EPREL yorlig‘i orqali xaridorlar batareya va qurilmaning haqiqiy holati haqida oldindan xabardor bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Galaxy Tab S10 seriyasi barqaror One UI 7.0 yangilanishini olgani haqida xabar bergan edi.