Chevrolet yangi sedanini uch xil dvigatel bilan chiqarishi mumkin

25-sentabr 2026 11:33 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevrolet yangi sedanini uch xil dvigatel bilan chiqarishi mumkin
Foto: GM Authority

Chevrolet xalqaro bozorlar uchun yangi NEV sedan tayyorlamoqda. GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, model benzinli, gibrid va to‘liq elektr variantlarda taklif qilinishi mumkin.

Yangi sedan Xitoydagi SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Avtomobilning moslashuvchan platformasi turli bozorlar talabiga qarab bir nechta kuch qurilmalaridan foydalanish imkonini berishi aytilmoqda.

Uch xil variant ko‘rib chiqilmoqda

Manbalarga ko‘ra, yangi Chevrolet sedanida uch xil kuch qurilmasi bo‘lishi mumkin.

Birinchi variant 1,5 litrli turbobenzin dvigateliga ega bo‘lishi kutilmoqda. Ikkinchi variant PHEV, ya’ni tashqi manbadan quvvatlanadigan gibrid bo‘lib, 1,5 litrli atmosferali dvigatel, elektr motor va akkumulyatorni birlashtiradi.

Uchinchi variant esa old qismga o‘rnatilgan bitta elektr motor va kattaroq akkumulyatorga ega to‘liq elektromobil bo‘lishi mumkin.

Yangi platformadan foydalanilishi mumkin

Foto: GM Authority

Avtomobil SGMW’ning elektrlashtirilgan modellar uchun yaratilgan Tianyu modulli platformasining yangi versiyasiga asoslanishi mumkin.

Mazkur arxitektura turli xil kuch qurilmalarini o‘rnatishga moslashtirilgan. U avval Wuling Starlight 730 va Starlight 560 modellarida qo‘llanilgan.

Chevrolet modelni hali rasman tasdiqlamagan

Yangi sedan rivojlanayotgan bozorlarga mo‘ljallanishi kutilmoqda. Turli dvigatel variantlarining mavjudligi Chevrolet’ga har bir bozor uchun alohida konfiguratsiya taklif qilish imkonini berishi mumkin.

Hozircha General Motors ushbu modelni rasman tasdiqlamagan. Kompaniya yaqin oylarda yangi Chevrolet NEV sedani haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevroletning yo‘ltanlamas modeli sinovdan o‘tgani haqida xabar berilgandi. Model shaffof oynalar, xromlangan radiator panjarasi va bamperlar, yon ko‘zgular, xrom bezaklar hamda oyna tozalagichlar bilan jihozlangan.

Shuningdek