
Vivo S2 FE smartfonining ehtimoliy xususiyatlari va suratlari taqdimotdan oldin internetda paydo bo‘ldi. Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma 10 000 mA/soat sig‘imli katta batareya bilan jihozlanadi. Smartfon taqdimoti oktabr oyida bo‘lishi kutilmoqda.
10 000 mA/soat batareya va 44 Vt quvvatlash
Manbaga ko‘ra, Vivo S2 FE 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator oladi. U 44 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Taqqoslash uchun, Hindistonda taqdim etilgan Vivo S2 modeli 7050 mA·soat batareya va xuddi shunday 44 Vt quvvatlash tizimiga ega.
120 Hz AMOLED ekran
Smartfon 6,83 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlanishi aytilmoqda. Ekran 1,5K aniqlik va 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, barmoq izi skaneri displey ostiga joylashtirilishi kutilmoqda.
Asosiy kamera 50 MP bo‘ladi
Vivo S2 FE’ning asosiy kamerasi 50 MP, old kamerasi esa 32 MP bo‘lishi mumkin.
Qurilma MediaTek Dimensity 7300e protsessorida ishlashi aytilmoqda. Bu ma’lumot avvalroq Geekbench bazasida qayd etilgan ko‘rsatkichlar bilan ham mos keladi.
Vivo V80 Lite 5G’ning boshqa nomdagi versiyasi bo‘lishi mumkin
Taxminlarga ko‘ra, Vivo S2 FE Malayziyada allaqachon sotuvga chiqqan Vivo V80 Lite 5G’ning qayta nomlangan versiyasi bo‘lishi mumkin.
V80 Lite 5G ham 10 000 mA·soat batareya, Dimensity 7300e chipi va 44 Vt quvvatlash tizimiga ega.
Narxi $416 dan arzon bo‘lishi kutilmoqda
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Vivo S2 FE narxi $416 dan past bo‘lishi mumkin. Smartfon 6-oktabr kuni Vivo V80 bilan bir vaqtda taqdim etilishi ehtimoli bor. Hozircha ushbu xususiyatlar va narx ishlab chiqaruvchi tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Avvalroq «Kursiv» Vivo Y600i smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.