
Yangi avtomobil bilan bog‘liq bir nechta mijozlar shikoyat qilmoqda. Xiaomi SU7 Ultra’ning karbon tolali kapoti, dastlab funksional deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, amalda faqat dekoratsiya vazifasini bajarmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Yuzlab mashina egalari uglerod tolali kapotning funksionalligi bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchilikdan so‘ng to‘liq qaytarilishini talab qilishgan.

Xiaomi o‘zining marketing xabarlaridagi chalkashlikni tan olib, 7-may kuni uzr so‘radi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, uglerod tolali kapot birinchi navbatda avtomobil prototipi ko‘rinishini takrorlash uchun mo‘ljallangan, shu bilan birga, faqat «qisman havo oqimi yo‘nalishini va old bo‘lim uchun yordamchi sovitish»ni ta’minlaydi.
Kompensatsiya sifatida bajarilmagan buyurtmalar uchun kapotni alyuminiyga almashtirish va hozirgi egalariga 20 ming bonus ball ($275 ) berish taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi aksiyalari SU7 avtohalokatidan keyin 5,5 foizga tushib ketgani haqida yozgan edi.