
Geely kompaniyasiga qarashli Zeekr brendining yangi flagman modeli – Zeekr 9X plagin-gibrid SUV avtomobilining interyeri 6-iyun kuni ilk bor ommaga namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Tarqalgan suratlarida, avvalroq Lynk & Co 900 modelida qo‘llanilgan yirik 30 dyuymli 6K ekran aks etgan. Bu ekran haydovchi va old yo‘lovchi tomonidan birgalikda foydalanilishi mumkin.

Zeekr 9X modeli ilk marotaba 2025-yil 23-aprel kuni Shanxay avtosalonida taqdim etilgan edi. 5,2 metr uzunlikka va 3,2 metr g‘ildirak bazasiga ega bo‘lgan bu yirik SUV bozorning yuqori segmentiga mo‘ljallangan bo‘lib, YangWang U8 kabi raqobatchilar bilan bellasha oladi. Modelda 900V tizimi, 2 litrli ichki yonuv dvigateli, ikki elektromotor va 6C batareya mavjud.

Interyer jihatlaridan Zeekr 9X Lynk & Co 900 hamda Geely Galaxy M9 modellariga yaqin. Ular bilan umumiy texnologik bazani bo‘lishadi. Avtomobil markaziy konsolida joylashgan 30 dyuymli 6K displey Snapdragon 8295 chipi yordamida ishlashi kutilmoqda. Shuningdek, rul orqasida joylashgan uzatma dastagining mavjudligi va rul ustuniga o‘rnatilgan haydovchini holatini nazorat qiluvchi sensorlar bilan jihozlangan.

Markaziy tunnel ikki simsiz zaryadlash paneli va yashirin bo‘linmaga ega. Aytib o‘tish joizki, interyeri aks etgan model sinov nusxasi bo‘lib, seriyali variantda ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
Orqa eshiklarining uzunligi 1 metrdan oshadi. Ular 90 darajagacha ochilishi mumkin. Avtomobil ichki qismi uch qator o‘rindiqlardan iborat bo‘lsa-da, hozircha ularning joylashuvi yoki konfiguratsiyasi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.

Tashqi dizaynda Zeekr 009 minivenga xos uslub qo‘llanilgan. 22 dyuymli xromlangan disklar, katta old panjara, LED yoritgichlar, tomdagi LiDAR datchik va 43,343 fazetali uzuk shaklidagi orqa chiroqlar avtomobilga zamonaviy ko‘rinish bag‘ishlaydi.
Avtopilot tizimi sifatida Zeekr 9X G-Pilot H9 tizimini qo‘llaydi. U ikki dona Nvidia Drive Thor chipi yordamida 1,400 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Tizim Tesla AI 4 chipidan ikki barobar kuchli. Tizimda 13 ta kamera, 3 dona mm-to‘lqinli radar va bir nechta LiDAR mavjud.

U L3 darajasidagi avtonom harakatlanish imkoniyatlarini, jumladan, xaritasiz NOA va sun’iy intellekt yordamida avtopark joyi izlash funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Zeekr 9X Xitoy bozoriga 2025-yilning uchinchi choragida chiqishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Geely kompaniyasi Zeekr X elektr krossoverining soddalashtirilgan versiyasini tayyorlagani haqida yozgan edik.