
Chevrolet kompaniyasi Braziliyada 2027-yilgi Chevrolet Onix modelini sotuvga chiqargan edi. Kursiv Uzbekistan avtomobilning texnik imkoniyatlarini o‘rgandi.
Model 6 ta xavfsizlik yostiqchasi, barqarorlikni nazorat qilish tizimi hamda ayrim versiyalarda 115 ot kuchiga ega turbo dvigatel bilan jihozlangan.
Onix RS va Premier $23 mingdan
Sport uslubidagi Onix RS Turbo AT hamda Premier Turbo AT versiyalarining narxi 121 190 realdan (taxminan $23,4 ming) boshlanadi.

RS versiyasi turbo dvigatel, Full LED faralar, 8 dyuymli raqamli asboblar paneli, 11 dyuymli MyLink multimedia ekrani, simsiz quvvatlash va 16 dyuymli yengil qotishmali disklar bilan jihozlangan.
Premier versiyasida esa premium qoplamali o‘rindiqlar va avtomatik parkovka yordamchisi ham mavjud.
Yangi Activ versiyasi ham taqdim etildi

Onix Activ Turbo AT narxi 116 190 realdan (taxminan $22,4 ming) boshlanadi. Ushbu versiya yuqoriroq osma, 16 dyuymli maxsus disklar, orqa ko‘rish kamerasi va tom relslari bilan ajralib turadi.
Shuningdek, Onix 2027 qatorida yuk tashishga mo‘ljallangan Log, Turbo MT/AT, Pro, 1.0 MT va Turbo AT ECO versiyalari ham mavjud. Eng arzon Turbo AT ECO 99 990 realdan (taxminan $19,3 ming) taklif etilmoqda.
Multimedia ekrani 11 dyuymgacha

Yuqori komplektatsiyalarda Chevrolet MyLink multimedia tizimining 11 dyuymli sensorli ekrani, Android Auto va Apple CarPlay’ning simsiz ulanishi, Wi-Fi hamda simsiz quvvatlash mavjud.
Avtomobilning barcha versiyalarida oltita xavfsizlik yostiqchasi va barqarorlikni nazorat qilish tizimi standart jihoz sifatida taklif qilinadi. Ayrim variantlarda ko‘r zona haqida ogohlantirish hamda shinalar bosimini kuzatish tizimi ham bor.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors Chevrolet Damas uchun aksiyani yo‘lga qo‘ygani haqida yozgan edi.