
Volkswagen kompaniyasi GTI seriyasining 50 yilligiga bag‘ishlab yangi Golf GTI Edition 50 modelini taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.
Bu model GTI tarixidagi eng qudratli versiya bo‘lib, 1975-yildan beri ishlab chiqarilgan mashinalar orasida yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega.
Texnik xususiyatlari
Yangi Golf GTI Edition 50 8.5-avlod Golf platformasida ishlab chiqilgan. U 2,0 litrli, turbinali, 4 silindrli EA888 benzinli dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, 321 ot kuchi va 420 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi. Bu kuchli dvigatel tufayli mashina 0 dan 100 km/soat tezlikka 5,5 soniyada, 200 km/soatga esa 16,9 soniyada chiqadi. Maksimal tezlik esa 270 km/soat bilan cheklangan.
Dizayn va tashqi ko‘rinish
Model tashqi jihatdan GTI Clubsport versiyasiga o‘xshash bo‘lsa-da, 50 yillik yubiley logotipi, qora egzoz trubasi, qora eshik pastligi kabi o‘ziga xos detallar bilan ajralib turadi.

Shassi va yurish sifati
Mashina shassisi chuqur qayta sozlangan bo‘lib, McPherson old osma va ko‘p tutqichli orqa osma saqlab qolingan. Avtomobil balandligi oddiy GTI’dan 20 mm, Clubsport’dan esa 5 mm pastroq.
Old g‘ildiraklarning -2,0° gacha bo‘lgan manfiy og‘ish burchagi asosiy yangiliklaridan biri bo‘lib, bu esa burilishlarda barqarorlikni oshiradi. Shuningdek, mustahkamlangan burilish tugunlari va kuchaytirilgan pastki tutqichlar ishlatilgan.

G‘ildirak va shinalar
Model maxsus ishlab chiqilgan 235/35 R19 o‘lchamdagi Bridgestone Potenza Race shinalari bilan ta’minlangan. Har bir g‘ildirak 1,2 kg yengil bo‘lib, 19 dyuymli Warmenau alyuminiy disklar bilan uyg‘unlashadi.
Model Nurburgring trassasining shimoliy halqasi bo‘ylab aylanishni 7 daqiqa 46,13 soniyada bosib o‘tdi. Bu uni Volkswagen tarixidagi eng tezkor seriyali avtomobilga aylantirdi. Hatto to‘liq yurgizuvga ega Golf R 20 Years modelini ham ortda qoldirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volkswagen Sagitar L sedanini namoyish qilgani haqida yozgandi.