O‘z shahrimda Olimpiadada o‘ynash katta baxt — Jahongir Vahidov

24-sentabr 2026 19:39 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: UzChess

Samarqandda oʻtayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston-2 jamoasi safida qatnashayotgan grossmeyster Jahongir Vahidov musobaqaning u uchun alohida ahamiyati borligini aytdi. Samarqandlik shaxmatchi Kursiv Uzbekistan bilan bo‘lgan qisqa intervyuda oʻz shahrida bunday darajadagi turnirda oʻynash yoshligidan orzu qilgan voqealik ekanini aytdi.

Samarqandda xalqaro musobaqa oʻtkazilishini yoshligimdan orzu qilganman

«Men yoshligimdan Samarqandda xalqaro shaxmat musobaqasi oʻtkazilishini orzu qilganman. 2021-yilda bu yerda ilk bor Amir Temur kubogi tashkil etilgan edi. Uydan chiqib, besh daqiqada musobaqa oʻtkaziladigan joyga yetib borish va xalqaro turnirda oʻynash men uchun katta orzu edi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, endi dunyo miqyosidagi musobaqa oʻz yurtimizda, oʻzim tugʻilib oʻsgan shaharda oʻtkazilmoqda. Bu biz shaxmatchilar uchun katta baxt. Shu bilan birga, oʻz muxlislarimiz qarshisida oʻynash juda katta masʼuliyat ham yuklaydi», — dedi Vahidov.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda shaxmatga berilayotgan eʼtibor soʻnggi yillarda mamlakatda yirik xalqaro turnirlarni oʻtkazish imkonini yaratdi.

Medallar uchun kurashishga harakat qilamiz

Vohidov Oʻzbekiston terma jamoasining avvalgi Olimpiadalardagi natijalari bu galgi musobaqada ham shaxmatchilar zimmasiga katta masʼuliyat yuklayotganini taʼkidladi.

«2022-yilda Hindistonda Olimpiada chempioni boʻldik, 2024-yilda esa bronza medalini qoʻlga kiritdik. Bu safar men birinchi terma jamoada emas, Oʻzbekiston-2 tarkibida qatnashyapman. Jamoada yetakchilardan biri sifatida bor kuchimni berishga harakat qilyapman. Hozircha jamoamiz yaxshi oʻynamoqda. Oldinda hal qiluvchi turlar bor. Nasib qilsa, medallar uchun kurashamiz», — dedi grossmeyster.

Oʻzbekiston-2 qanday natija koʻrsatmoqda

Oʻzbekiston-2 Butunjahon shaxmat olimpiadasini 30-start raqami bilan boshladi. Jamoa tarkibidan Jahongir Vahidov, Abdimalik Abdisalimov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nigmatov va Humoyun Begmuratov joy olgan.

Yetti turdan soʻng Oʻzbekiston-2 11 ochko bilan 14-oʻrinda bormoqda. Jamoa Afgʻoniston, Jazoir, Yangi Zelandiya, Filippin va Ispaniyani magʻlub etdi, Germaniyaga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Fransiya bilan uchrashuv esa 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

24-sentabr kuni oʻtkazilgan sakkizinchi turda Oʻzbekiston-2 Angliya terma jamoasiga qarshi bahs olib bormoqda. Birinchi taxtada Jahongir Vahidov tajribali ingliz grossmeysteri Maykl Adams bilan durang qayd etdi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston shaxmatchilari Xitoyni 3:1 hisobida mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek