
So‘nggi yillarda Xitoy flagmanlarida 16 GB operativ xotira odatiy holga aylangan. Samsung esa bu bosqichga hali o‘tmagandi. WCcftech’ning yozishicha, 2026-yilda bu o‘zgaradi. Galaxy S26 va Galaxy S26 Plus modellari ilk bor 16 GB operativ xotira bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Oxirgi to‘rt yil ichida Galaxy S flagmanlarining maksimal xotirasi 12 GB edi. Endilikda 16 GB xotira yordamida sun’iy intellekt funksiyalari kengayadi. Ilovalarni fon rejimida ochiq saqlash osonlashadi va ko‘p vazifali ishlash samarasi ortadi.
Macquarie Research tahlilchilariga ko‘ra, Apple yangi iPhone 17 modellari bilan 12 GB xotirada qoladi.
Ma’lumot uchun, Samsung – Janubiy Koreyaning yetakchi texnologik kompaniyasi. 1938-yilda tashkil etilgan. U smartfon, televizor, maishiy texnika va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaradi. Galaxy telefonlari global bozorda eng ommaboplardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, ilgari X’dagi @ya_sking12767 foydalanuvchisi Galaxy S25 smartfoni quvvat olayotganda portlagani haqida xabar bergandi. Foydalanuvchining aytishicha, telefonning o‘rta qismi erib ketgan. Hodisa tafsilotlari hozircha noma’lum. Ehtimol, u original bo‘lmagan zaryad qurilmasidan foydalangan. Shunga qaramay, Galaxy qurilmalarida qizib ketishga qarshi avtomatik himoya tizimi mavjud.