
General Motors (GM) rasmiy ravishda Apple Watch qo‘llab-quvvatlashini myChevrolet, myCadillac, myBuick va myGMC mobil ilovalari uchun qayta tikladi. Bu haqda Speedme nashri xabar berdi.
Yangilanish allaqachon mavjud va endi aqlli soat egalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri bilagidan dvigatelni masofadan ishga tushirish, eshiklarni qulflash yoki ochish hamda signalni yoqish imkoniyatiga ega.
Cadillac Lyriq, Chevy Blazer EV va GMC Hummer EV kabi elektromobillar uchun kengaytirilgan funksiyalar ham mavjud. Bular real vaqt rejimida zaryad holatini ko‘rish, xatoliklar haqida ogohlantirishlar va zaryadlash eslatmalari.
Ilovalar avvalgidek App Store va Google Play da mavjud. GM’ning hozirgi strategiyasi raqamli brendlarni soddalashtirishga qaratilgan. Iyun oyida butun dasturiy ta’minot ekotizimi uchun ishlatilgan Ultifi nomi yopildi.
2030-yilgacha General Motors OnStar va Super Cruise kabi raqamli xizmatlardan yiliga $25 mlrd daromad olishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan General Motors elektromobillar uchun yong‘indan saqlash tizimini ishlab chiqqani haqida yozgandi.
Uning elektromobillar uchun noodatiy egzoz tizimi gaz chiqarish yoki shovqin emas, balki yong‘indan himoya qilish uchun mo‘ljallangan.
Gap batareyaning haddan tashqari qizib ketishi, ya’ni termal akseleratsiya holati haqida ketmoqda. Bunday holatda avtomobil yonib ketishi mumkin.
Yangi tizim favqulodda holatlarda ishlaydi. Masalan, batareya zarbadan yoki nosozlikdan qizib ketganda, yonuvchi gazlar ajraladi. GM maxsus klapan va kanallar orqali bu gazlarni tashqariga chiqarib, haroratni tushiradi va yong‘inning oldini oladi.