O‘zbekistonda obligatsiyalar kimlar uchun foydali va ular iqtisodiyotga nega kerak

Kursiv Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekistonda kapital bozori: investitsiya uchun yangi imkoniyatlar» mavzusidagi sohaviy konferensiyaning ikkinchi sessiyasi qarz orqali moliyalashtirishga bag‘ishlandi.
Unda banklardan tortib fintex kompaniyalarigacha bo‘lgan asosiy ishtirokchilar vakillari qatnashib, O‘zbekistonda korporativ obligatsiyalar bozori qanchalik o‘zgarayotgani, ayni damda qanday moliyaviy vositalar ishlayotgani va ushbu bozor ommalashishi uchun yana nimalar zarurligi xususida fikr bildirishdi.
Behruzbek Ochilov: Bozor bor, endi uni kengaytirish kerak
ALKES investitsiya banki direktori Behruzbek Ochilovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda korporativ obligatsiyalar hajmi $200 mlnga yetgan. Bu hozirda yalpi ichki mahsulotning 1 foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi, ammo bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki baravarga ko‘p.

«Korporativ obligatsiyalar tobora o‘sib bormoqda. 2022-yilda ularning ulushi deyarli ahamiyatsiz edi. Hozir esa bu jarayon rivojlanishning dastlabki bosqichida bo‘lsa-da, alohida segmentga aylangan», — dedi spiker.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fitch reytingining «BB»-dan «BB» darajagacha ko‘tarilishi emitentlarga mablag‘ jalb qilishni arzonroq narxlarda amalga oshirish imkonini beradi. Hatto 0,5–0,7 foiz punktiga pasayishning o‘zi ham bozor uchun sezilarli farq qiladi.
Bundan tashqari, ALKES 300 milliard so‘mlik Uzum Nasiya obligatsiyalarining anderrayteri bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda tarixdagi eng yirik xususiy joylashtirishdir. Qimmatli qog‘ozlarning 80 foizdan ortig‘i allaqachon joylashtirilgan.
Marat Nurmamatov: Biz obligatsiyalar orqali uy-joylar narxini arzonlashtirmoqdamiz
Ipotekani qayta moliyalash kompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari Marat Nurmamatovning qayd etishicha, ushbu kompaniya arzon uy-joyni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Shundan beri beshta obligatsiya emissiyasi orqali 790 milliard so‘m jalb qilingan. Ular orasida mamlakatdagi ilk «yashil» obligatsiyalar ham mavjud.

«O‘zbekiston aholisiga har yili yanada ko‘proq uy-joy kerak bo‘lmoqda. Ipoteka — bu hashamat emas, balki zarurat. Obligatsiyalar bizga valyuta xatarlarini jalb qilmagan holda so‘mda mablag‘ jalb qilish imkonini beradi», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Nurmamatov ma’lum qilishicha, joylashtirilgan «yashil» obligatsiyalar Xalqaro kapital bozorlari assotsiatsiyasi (ICMA) standartlariga mos keladi va xalqaro verifikatsiyadan o‘tgan. Kompaniya sentabr oyida birinchi ESG-hisobotni e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu hisobotda chiqindilar hajmini kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatkichlar va mablag‘lardan foydalanish natijalari aks etadi.
Arman Mangitov: O‘rta biznes ommaviy emitentga aylanishi mumkin
Agat Credit kuzatuv kengashi raisi Arman Mangitov kichik va o‘rta biznes uchun obligatsiyalarni bank kreditlariga muqobil vosita sifatida ko‘radi. Uning aytishicha, kompaniya allaqachon 40 milliard so‘mlik obligatsiyalarni joylashtirgan. Ularning foiz stavkasi 29 foizni, nominal qiymati esa 100 ming so‘mdan boshlanadi. Bu esa o‘z navbatida, chakana (yakka) investorlarni ham jalb qilishga imkon bergan.

«Bizning kredit portfelimiz qisqa muddatli hisoblanadi. Biz bir yilgacha bo‘lgan muddatda obligatsiyalar bilan samarali ishlay olamiz. Bizga uzoq muddatli qarz emas, balki moslashuvchan moliyalashtirish kerak», — dedi u.
Mangitovning so‘zlariga ko‘ra, Agat Credit obligatsiyalar bozorida doimiy ishtirokchiga aylanishni va yiliga uchtagacha emissiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kompaniya Ostonadagi xalqaro maydonda dollarli obligatsiyalar chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Spartak Tetrashvili: Ikkilamchi bozor bo‘lmasa, investor kelmaydi
TBC Bank kuzatuv kengashi raisi Spartak Tetrashvili ta’kidlashicha, kapital bozori uchun asosiy to‘siq bu investorlarda qiziqish yo‘qligi emas, balki infratuzilmaning yetishmasligidir. Xususan, bozorda likvidli ikkilamchi bozor yetarli emas.

«Investor olti oydan keyin chiqa olmasa, uch yillik qog‘ozni sotib olmaydi. Bizga likvidlik kerak. Shuningdek, yana ko‘proq institutsional investorlar va marketing bo‘yicha market-meykerlar zarur», — dedi Spartak Tetrashvili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, TBC banki allaqachon O‘zbekistonga $500 million atrofida mablag‘ jalb qilgan. Jumladan, dollarda hisob-kitob qilinadigan so‘m qog‘ozlarini xalqaro joylashtirish jarayoni bunga misol bo‘la oladi. Uning ta’kidlashicha, obligatsiyalar depozitlarga qaraganda barqarorroq vosita hisoblanadi, ayniqsa mijoz istalgan vaqtda omonatni qaytarib olishi mumkin.
Oybek Mamajanov: Odamlar bilan ular tushunadigan tilda gaplashish kerak
Uzum moliyaviy direktori o‘rinbosari Oybek Mamajonovning ta’kidlashicha, xususiy investorlar orasida yangi moliyaviy vositalarga nisbatan ishonchsizlik hali ham mavjud. Ammo mahsulot qanday ishlashi va mablag‘lar qayerga sarflanishini tushuntiradigan bo‘lsak ularda qiziqish uyg‘onishi mumkin.

«Bizning vazifamiz faqat qog‘oz sotish emas. U nima uchun kerakligi, qanday tuzilgani va investor bundan qanday daromad olishini tushuntirish kerak», — dedi Mamajonov.
Uzum tomonidan jalb qilingan barcha mablag‘lar Uzum Nasiya (BNPL) yo‘nalishini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, bu segment har yili portfel va foyda hajmi bo‘yicha ikki baravar ko‘paymoqda. Kompaniya obligatsiyalarni barqaror va moslashuvchan moliyalashtirish vositasi sifatida ko‘radi hamda bir yildan keyin ularni chiqarish muntazam tus olishiga umid qilmoqda.
Xorijiy investorlar allaqachon bozorda, lekin chiqish mexanizmi kerak
Spikerlar birinchi xorijiy investorlar allaqachon ishtirok etayotganini ta’kidladi. Qozog‘iston fondi Agat Credit obligatsiyalariga sarmoya kiritib, O‘zbekistonda hisob raqamini rasmiylashtirdi. TBC esa xorijda dollardagi hisob-kitob qog‘ozlarini joylashtirdi.
Ammo mamlakat ichida valyuta obligatsiyalarini chiqarishning imkoni yo‘qligi va xedjirlash mexanizmlarining yo‘qligi singari muammolar haligacha saqlanib qolmoqda. Bu hatto bozorga kirishga tayyor bo‘lganlarning ham qiziqishini so‘ndiradi.
Keyingi qadam: ishonch, texnologiyalar va yangi emitentlar
Sessiya ishtirokchilari keyingi bosqichda aholi va biznesning fond bozoriga bo‘lgan ishonchi oshirishga harakat qilishini ta’kidladi. Buning uchun infrastrukturani rivojlantirish kerak, ya’ni market-meykerlar, ikkilamchi savdo platformasi va ma’lumotlarga ochiq kirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, emissiya qiluvchilar doirasini, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes segmentida kengaytirish zarurligi qayd etildi.