BNPL ustidan nazorat: O‘zbekiston bo‘lib to‘lash tizimini nima sababdan tartibga solishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonda iste’mol kreditlariga oid islohotlarga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Markaziy bank bo‘lib to‘lash asosidagi savdolarni tartibga solish zarurligini ta’kidlamoqda. Bu o‘zgarishlar iqtisodiyotga va oddiy odamlar cho‘ntagiga qanday ta’sir qilishi mumkin? Kursiv Uzbekistan bu borada mutaxassis bilan suhbatlashdi.
Kechiktirilgan to‘lovlar, dolzarb xavflar
O‘zbekistonda muddatli to‘lov bozori (BNPL — «hozir sotib ol, pulini keyin to‘la») shiddat bilan rivojlanmoqda. Biroq hozircha bozorning bir qismi amalda to‘liq nazoratdan tashqarida qolgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, faqat ayrim ishtirokchilar rasman tartibga solinadi. Qolganlar esa an’anaviy bank sektori bilan yonma-yon faoliyat yuritib, qarz oluvchilarni doimiy tekshirmaydi. Shuningdek, kredit byurolariga to‘liq ma’lumotlarni taqdim etmasdan, o‘z mahsulotlarining haqiqiy qiymatini oshkor qilmasliklari mumkin.
Natija — ortib borayotgan qarz yukidir. Faqat ikkita eng yirik bo‘lib to‘lash xizmatining o‘zi qariyb 2 million mijozga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning 777,5 ming nafari allaqachon bank kreditlaridan, aksariyat hollarda mikroqarzlardan foydalanmoqda. 2023-yilda BNPL mijoziga o‘rtacha ikkita shartnoma to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich uchtaga yetdi. 82 ming kishining esa bir vaqtning o‘zida 10 tadan ortiq shartnomasi mavjud.
CRIF kredit axborot xizmatlari kredit byurosi bosh direktori Mirsardor Usmonov Kursiv Uzbekistan’ga bergan intervyusida, agar BNPL bo‘yicha ma’lumotlar kredit hisobotlari va skoring tizimlariga kiritilmasa, bu xavf-xatarlarni noto‘g‘ri baholashga olib kelishini ta’kidladi. Boshqa mamlakatlar tajribasi esa bu muammoning naqadar dolzarb ekanligini ko‘rsatmoqda.
«Masalan, Avstraliyani olaylik — u yerda moliyaviy regulyator ASIC aniqlashicha, BNPL foydalanuvchilarining 30 foizi bo‘lib to‘lash qarzlarini yopish uchun boshqa kreditlar olishga majbur bo‘lgan. Banklar esa buni ko‘ra olmaydi, chunki ularda BNPL bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas. Natijada mijoz amalda to‘lovga qodir bo‘lmagan bo‘lsa-da, tizimda moliyaviy barqaror ko‘rinadi», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Uning aytishicha, bu jarayon mashinali o‘rganish modellarida skoring aniqligini pasaytirib, muammoli kreditlar sonining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Mijozlar oqibatlarini to‘liq anglamasdan, o‘z zimmalariga haddan tashqari ko‘p majburiyatlar olishlari ehtimoli bor. Bundan tashqari, halol to‘lov qilayotgan qarz oluvchilar ham zarar ko‘radi. Ya’ni, agar ularning BNPL to‘lovlari hisobga olinmasa, kredit reytingi oshmaydi, deb ta’kidladi mutaxassis.
Boshqa mamlakatlar bu muammoni qanday hal qilmoqda
O‘zbekiston nazoratsiz bo‘lib to‘lash tizimi bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan yagona mamlakat emas. 2026-yildan boshlab Buyuk Britaniyada BNPL xizmatlari Moliya nazorati boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tishi, mijozlarning to‘lovga layoqatini tekshirishi va bitim shartlarini ochiq bayon etishi majburiy bo‘ladi. Shvetsiyada esa bunday xizmatlar allaqachon iste’mol kreditlari sifatida tartibga solinmoqda. Xuddi shunday choralar Yevropa Ittifoqi, Avstraliya va AQShda ham joriy etilmoqda.
«BNPL’ni tartibga solish global zaruratga aylandi, chunki bu bozor haddan tashqari tez rivojlandi. Odamlar qarz to‘pladi, kompaniyalar esa mijozlarning to‘lovga layoqatini tekshirmadi, iste’molchilarda esa biror narsa noto‘g‘ri ketganda ularni himoya qiladigan mexanizm yo‘q edi. To‘g‘ri tartibga solish esa bozorda shaffoflik va barqarorlikni ta’minlaydi. Odamlar xaridga ongli yondashadi, kechikkan to‘lovlar va defoltlar soni kamayadi», — deya ta’kidlaydi Mirsardor Usmonov.
O‘zbekistonda bo‘lib to‘lash tizimida nima muammo bor va uni qanday to‘g‘rilash mumkin
Bo‘lib to‘lash bozorida ko‘pincha shaffof bo‘lmagan xabarlar kuzatiladi: xizmatlar «foizsiz to‘lov yoki «ortiqcha to‘lov 0%» va’dasini beradi. Biroq amalda mahsulotning bo‘lib to‘lashdagi narxi yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Yakuniy to‘lov summalari ko‘pincha shartnoma imzolanishigacha oshkor qilinmaydi, iste’molchining esa o‘z huquqlari yoki xavflar haqida yetarlicha ma’lumoti bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, agar xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya ma’lumotlarni kredit byurosiga uzatmasa, bo‘lib to‘lash shartnomalari kredit hisobotlariga kiritilmaydi. Bu esa mijozning to‘lovga layoqatini noto‘g‘ri aks ettiradi. Ya’ni banklar uning amaldagi qarz yuklamasidan bexabar holda unga yana kredit ajratishi mumkin.
Mirsardor Usmonovning fikricha, kredit byurolariga ma’lumot uzatish va mijozlarni baholash nuqtayi nazaridan BNPL xizmatlari uchun quyidagi asosiy talablarni joriy etish lozim:
- Ma’lumotlarni kredit byurolariga majburiy ravishda berish:
- BNPL shartnomalari bo‘yicha barcha bitimlar an’anaviy kreditlar singari kredit byurolariga uzatilishi kerak.
- Kechikkan to‘lovlar va defoltlar haqidagi ma’lumotlar kredit tarixida aks etishi lozim.
- O‘z vaqtida bajarilgan majburiyatlar ham inobatga olinishi kerak — bu o‘z vaqtida to‘lov qiluvchi mijozlarga o‘z kredit reytingini yaxshilash imkonini beradi.
- Ma’lumotlarni standartlashtirish:
- BNPL bitimlari bo‘yicha ma’lumotlarni uzatish uchun yagona format joriy etilishi kerak.
- Mahsulot turlarini aniq tasniflash zarur — masalan, qisqa muddatli bo‘lib to‘lash, uzoq muddatli to‘lov rejalari va boshqalar.
- Har bir ma’lumot uzatishda bitim summasi, muddati va asosiy shartlari ko‘rsatilishi lozim.
- To‘lovga layoqatlilikni tekshirish:
- BNPL provayderlari, ayniqsa katta miqdordagi bitimlar bo‘yicha, shartnoma tasdiqlanishidan oldin mijozning kredit tarixini tekshirishi shart.
- Bir mijoz uchun amal qilayotgan barcha BNPL majburiyatlarining umumiy hajmiga cheklovlar joriy etilishi lozim.
- Baholash jarayonida mijozning umumiy qarz yuklamasi — boshqa kreditlar va bo‘lib to‘lovlashlar ham inobatga olinishi kerak.
- Iste’molchilar uchun shaffoflik:
- Mijozlar bo‘lib to‘lash bo‘yicha ma’lumotlar kredit byurosiga uzatilishi haqida oldindan xabardor qilinishi kerak.
- Shuningdek, bu ma’lumotlar ularning kredit reytingiga qanday ta’sir qilishi — o‘z vaqtida to‘lov bo‘lsa ham, kechikish bo‘lsa ham — aniq tushuntirilishi muhim.
CRIF KAX rahbari bu standartlarni joriy etish qarz oluvchining moliyaviy holatini to‘liq va obyektiv baholash imkonini beradi, deb hisoblaydi. Bu esa bozorda ortiqcha qarzdorlik xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Regulyator holati va xizmatlar uchun chaqiriqlar
O‘zbekiston Markaziy banki islohot zarurligini qat’iy ta’kidlamoqda. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning aytishicha, bugungi kunga kelib shunday holatlar qayd etilganki, banklar mijozlarning bo‘lib to‘lash majburiyatlaridan bexabar holda, qarz yuklamasi me’yorlariga zid ravishda ularga yangi kreditlar bergan.
«Bo‘lib to‘lash tizimi qarz oluvchilarning qarz yuklamasi bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilishiga to‘sqinlik qilmoqda», — deya ta’kidladi Ishmetov yaqinda bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida.
Taklif etilayotgan yechimlar orasida quyidagilar mavjud:
- Bo‘lib to‘lash bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolariga uzatishni qonunchilik darajasida majburiy qilish;
- BNPL mahsulotlarini taklif qiluvchi xizmatlarni bitimlar bo‘yicha haqiqiy ortiqcha to‘lov summasini to‘liq ochiqlashga majbur qilish.
«BNPL xizmatlarini tartibga solish O‘zbekiston moliya bozorini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Bir tomondan, bu shaffoflikni oshiradi va aholining ortiqcha qarzdorlikka tushib qolish xavfini kamaytiradi. Boshqa tomondan esa bu soha uchun jiddiy texnik muammolarni yuzaga keltiradi», — deya ta’kidlaydi CRIF KAX rahbari.
Kredit byurosi rahbarining prognoziga ko‘ra, qisqa muddatli istiqbolda BNPL xizmatlariga bo‘lgan talab kamayishi mumkin, ya’ni, iste’molchilar ma’lumotlari kredit tarixiga tushishini bilgan holda ehtiyotkorroq harakat qilishadi. Biroq uzoq muddatda bu yondashuv moliyaviy jihatdan mas’uliyatliroq xatti-harakatni shakllantiradi va bo‘lib to‘lash tizimiga bo‘lgan ishonchni oshiradi.
«Biroq asosiy muammo — bozorning kredit byurolari bilan integratsiyaga tayyor emasligidir. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 1500 dan ortiq BNPL provayderlaridan atigi 5–10 tasi yirik kompaniya kredit ma’lumotlarini almashish uchun yetarli IT-resurslarga ega. Qolgan ishtirokchilar esa hozircha mavjud tizim bilan texnik jihatdan moslashishni ta’minlay olmaydi», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Nega teng shartlar muhim
«Agar bozordagi turli ishtirokchilar har xil qoidalar asosida ishlasa, kompaniyalar cheklovlardan qochish uchun yo‘l izlaydi. Masalan, agar banklar mijozlarning to‘lovga qobiliyatini tekshirishi va ma’lumotlarni kredit byurolariga uzatishi shart bo‘lsa, lekin BNPL provayderlari bundan ozod qilinsa, odamlar nazorati qattiq bo‘lmagan xizmatlarga ommaviy o‘tib ketishi mumkin. Bu esa adolatsiz raqobat ustunligini yuzaga keltirib, tartibga solish samaradorligini kamaytiradi», — deb hisoblaydi Mirsardor Usmonov.
Uning fikricha, yagona qoidalar kompaniyalarni yengilroq tartibga solishdan foyda izlash emas, balki xizmat sifati bo‘yicha raqobatlashishga undaydi. Bunday sharoitda banklar va fintech kompaniyalar nazoratdan qochish yo‘llarini izlash o‘rniga, foydalanuvchi tajribasini yaxshilash, foiz stavkalarini pasaytirish va innovatsion mahsulotlar yaratishga intiladi.
Mutaxassis ishonch bilan shuni aytdiki, kredit byurolariga ma’lumot uzatish bo‘yicha yagona talablarning mavjudligi qarz oluvchilarning moliyaviy holatini to‘liq aks ettiradi. Bu esa butun bozor uchun kredit skoringi sifatini yaxshilaydi va defoltlar umumiy darajasini pasaytiradi.
«Barcha ishtirokchilar kapitalizatsiya, xatarlarni boshqarish va hisobot yuritish bo‘yicha yagona standartlarga rioya qilganda, regulyatorlar tizimli tahdidlarni samaraliroq kuzatib borishi va vaqtida choralar ko‘rishi mumkin. Bu ayniqsa rivojlanayotgan bozorlar uchun muhim, chunki moliyaviy barqarorlik iqtisodiy o‘sishning asosiy omilidir. Natijada, teng raqobat qoidalari innovatsiyalar uchun to‘siq emas, balki moliyaviy sektorning barqaror rivojlanishi uchun poydevor hisoblanadi. Bunda barcha ishtirokchilar halol raqobat olib boradi, iste’molchilar esa sifatli va xavfsiz xizmatlardan bahramand bo‘ladi», — deya xulosa qildi Mirsardor Usmonov.