NASA va Yaponiya «sokin» parvozga moʻljallangan X-59 samolyotini sinovdan oʻtkazdi

NASA va Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) mutaxassislari X-59 eksperimental samolyotining sinov modelida muhim bosqichni yakunladi. Bu haqda NASA ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, sinovlar samolyot ostida hosil boʻladigan shovqin darajasini oʻlchashga qaratilgan boʻlib, bu odamlarda tovushni qanday idrok etilishi masalasida muhim ahamiyatga ega.
X-59 kuchli tovush toʻlqinisiz tovush tezligidan yuqori tezlikda uchish uchun ishlab chiqilgan. Asl samolyotning uzunligi 30,4 metr va qanotlarining kengligi 9,05 metr boʻlsa-da, sinovlar oʻtkaziladigan quvurning oʻlchamlari atigi 0,91 metr uzunlik va kenglikka ega boʻlgani sababli, asl nusxaning 1,62 foiz masshtabidagi modelidan foydalanildi.
Bu orqali zarba toʻlqinlarining shakllanishi va samolyot atrofidagi aerodinamik oqimlar haqidagi eksperimental ma’lumotlar yigʻildi. Natijalar aerodinamikani raqamli modellashtirish orqali olingan bashoratlar bilan solishtiriladi. Bu JAXA va NASA hamkorligidagi sinovlarning uchinchi bosqichi hisoblanadi.
X-59ʼning innovatsion dizayni klassik tovushdan tez samolyotlardagi kuchli zarba toʻlqinlarini kamaytiradi. Mutaxassislar bu samolyotdan kuchli portlash emas, balki «yumshoq» tovush eshitilishini kutmoqda.
X-59 samolyoti Kaliforniyadagi Palmdeyl shahrida joylashgan Lockheed Martin Skunk Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Uning birinchi parvozi shu yilga rejalashtirilgan boʻlib, hozirda u yakuniy Yerdagi sinovlaridan oʻtmoqda.
Mazkur loyiha yordamida kelajakda tovushdan tez uchuvchi, ammo atrof-muhitga kamroq noqulaylik tugʻdiruvchi yoʻlovchi samolyotlarini yaratish yoʻlida muhim texnologiyalar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Netflix NASA bilan hamkorlikda kosmik chiqishlarni jonli efirga uzatishi haqida xabar bergan edi.