Dizelda ishlaydigan dunyodagi birinchi poyga uchuvchisi taqdim etildi

13-iyul 2025 12:24 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: FusionFlight

Amerikaning FusionFlight kompaniyasi o‘zining reaktiv droni AB6 JetQuad asosida yaratilgan yangi avlod shaxsiy uchish qurilmasi – Axionni taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.

Bu dunyodagi birinchi dizelda ishlaydigan poyga uchun mo‘ljallangan uchuvchi apparat bo‘lib, vertikal ko‘tarilish va qo‘nishga (VTOL) qodir.

Foto: FusionFlight

FusionFlight 2019-yilda AB5 JetQuadni, keyinroq esa uning takomillashgan versiyasi AB6ni yaratgandi. Ular elektr motorlar o‘rniga mikroturbinli reaktiv dvigatellardan foydalanadi. Bu dvigatellar dizel, kerosin yoki aviatsiya yonilg‘isida ishlaydi. AB6 modeli 402 km/soatgacha tezlikda uchishi va 19 litrli bak bilan 15 daqiqa havoda qolishi mumkin.

Reaktiv tizimlar sovuq sharoitlarda ham barqaror ishlashi va muzlash holatlarida ham uchishga yaroqliligi bilan ajralib turadi.

Axion – bu o‘lchami kichik avtomobilga teng bo‘lgan shaxsiy uchuvchidir. Uning maksimal uchish vazni 230 kgni tashkil qiladi. Shundan:

  • Qurilmaning «quruq» og‘irligi – 70 kg,
  • Yonilg‘i – 80 kg,
  • Foydalanuvchi (yoki yuk) – 80 kg.

Ushbu apparat 8 ta reaktiv dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, ular 1097 Ngacha tortish kuchini hosil qiladi. Bu Axion’ga havoda turib qolish, vertikal ko‘tarilish va qo‘nish, shuningdek, gorizontal holatda 362 km/soat tezlikda harakatlanish imkonini beradi.

Foto: FusionFlight

Hatto bitta dvigatel ishdan chiqsa ham, qolganlari yordamida xavfsiz qo‘nish amalga oshiriladi. Uchish balandligi 10 kilometrgacha, uchish vaqti 15 daqiqa (maksimal tezlikda).

Axion’ni boshqarish ikki usulda amalga oshiriladi:

  • Qo‘lda boshqaruv – ikki joystick orqali;
  • Avtonom rejim – sensorli ekran orqali manzil tanlanadi va qurilma mustaqil harakatlanadi.
Foto: FusionFlight

Avtonom rejimda Axion favqulodda holatlarda yuk yoki bemorlarni tez yetkazish uchun ham qo‘llanishi mumkin.

Foto: FusionFlight

FusionFlight asoschisi va bosh direktori Aleks Taytsning so‘zlariga ko‘ra, Axion’ning yer sinovlari boshlangan, ilk uchish sinovlari esa yil oxiriga rejalashtirilgan. Qurilma buyurtma asosida ishlab chiqariladi. Narxi $290 mingdan boshlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan NASA va Yaponiya «sokin» parvozga moʻljallangan X-59 samolyotini sinovdan oʻtkazgani haqida yozgandi.

Shuningdek