Xitoy birinchi okean tadqiqot kemasini ishga tushirdi

13-iyul kuni Shanxayda Xitoyning birinchi okean darajasini o‘rganuvchi aqlli ilmiy-tadqiqot kemasi «Tongji» foydalanishga topshirildi. Bu haqda China Daily nashri xabar berdi.
Mazkur kema Tongji universiteti buyurtmasi asosida Huangpu Wenchong kompaniyasi tomonidan qurildi. Uning qurilish ishlari 2024-yil aprel oyida boshlangan bo‘lib, 2025-yilning may oyida kemaning dengizdagi sinovlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Kema ilmiy ekspeditsiyalar, dengiz muhandisligi ishlari va talabalar amaliyotini tashkil etish uchun xizmat qiladi. Bosh dizayner Li Jjengxua ta’kidlashicha, bu kema nafaqat ilm-fan balki ommaviy ma’rifat va madaniy merosni asrash vazifasini ham bajaradigan ko‘p funksiyali «dengiz kampusi»dir.
Xitoy muhandislari tomonidan loyihalashtirilgan ushbu kema 81,5 metr uzunlikka ega. «Tongji» 45 kishigacha jamoani, jumladan, 30 nafar olimni sig‘dira oladi. Soatiga 27 km tezlikda harakatlanadi. Kema 80 ming dengiz mili masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega. 35 kungacha mustaqil faoliyat yuritadi.
Kemaning ichki tuzilmasi 460 kvadrat metrli operatsion paluba, 320 kvadrat metrli laboratoriyalar, qulay yashash sharoitlari va 100 kvadrat metrdan ortiq konferensiya, ma’ruza, dam olish va sport zonalariga ega.
Shuningdek, «Tongji» Xitoy klassifikatsiya jamiyatining «aqlli kema» standarti bo‘yicha sertifikatlangan birinchi ilmiy-tadqiqot kemasi hisoblanadi. Bu sertifikat kemaning masofadan boshqarilishi, avtonom navigatsiyasi, energiya samaradorligi va aqlli boshqaruv tizimlari mavjudligini bildiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chilida Qozog‘istonga tegishli eng yirik teleskop ishga tushgani haqida yozgandi.