50 kun ichida urush tugamasa, Rossiya va uning hamkorlariga 100 foizlik boj qo‘llaniladi – Tramp

eʼlon qilindi
Ikkinchi darajali sanksiyalar ham
50 kunda urush tugamasa, Rossiya va uning hamkorlariga 100 foizlik boj qo‘llaniladi / Foto: ABC News

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani Ukrainadagi urushni to‘xtatishga majbur qilish uchun yangi strategiyani e’lon qildi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Yevropa davlatlari AQShdan qurol xarid qilib, ularni Ukrainaga yetkazadi. Agar 50 kun ichida tinchlik bitimi imzolanmasa, Tramp Rossiyaga, shuningdek, uning neftini sotib olayotgan davlatlarga 100 foizlik boj va ikkinchi darajali sanksiyalar joriy qilishini bildirdi.

Tramp bu rejani NATO bosh kotibi Mark Rutte bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda taqdim etdi. U Yevropa davlatlarining urushdagi roli ortayotganidan mamnunligini bildirib, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya va Daniyani yangi qurol yetkazib beruvchi davlatlar sifatida tilga oldi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Tramp bilan bo‘lgan suhbatni «juda foydali» deb atab, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa qurollar bo‘yicha yangi kelishuvlar ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek, Ukraina tinchlikka tayyor, lekin Rossiya emas. Rossiyani majburlash kerak, deya ta’kidladi.

Tramp esa Rossiya prezidenti Vladimir Putindan hafsalasi pir bo‘lganini ochiq aytib, ilgari bir necha bor tinchlik bo‘yicha kelishuvga yaqin bo‘lgani, ammo urush davom etganini qayd etdi. U savdoni urushlarni tugatishda foydali vosita deb atab, bu safar Putinga jiddiy signal berilishini ta’kidladi.

Ushbu reja orqali AQSh siyosiy bosimni kamaytirib, qurol yetkazishni tezlashtirishga ham erishmoqchi. Pentagon vakillarining bildirishicha, Patriot tizimlari Ukraina fuqarolarini raketa hujumlaridan himoya qilishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu sababli Yevropa orqali yetkazib berish tez va samarali yo‘l hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Yevropa Ittifoqi va Meksikaga qarshi 30% boj joriy qilgan edi.

Shuningdek